Ona voyaga yetmagan qizini bir xonali uy uchun shar’iy nikohlab berdi

Ona voyaga yetmagan qizini bir xonali uy uchun shar’iy nikohlab berdi

Tursun Haqberdiyev (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan, ayni paytda Karmana tumanining Uyrot mahallasida ro‘yxatda tursa-da, Navoiy shahridagi Chinor mahallasida istiqomat qiladi. Oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni o‘rganish jarayonida uning voyaga yetmagan Shahlo Hojiyeva bilan hech qanday rasmiy nikohsiz yashab kelayotgani aniqlandi, deb yozmoqda Mahalladosh nashri.

Ma’lum bo‘lishicha, Shahlo shu paytgacha onasi Muyassar Hojiyevaning qaramog‘ida bo‘lgan. Farzandi tarbiyasi va kelajagiga mutlaqo befarq, onalik mehri va mas’uliyatidan ko‘ra, manfaatdorlikka qiziqishi ustun bo‘lgan bu ayol Navoiy shahridagi ko‘p qavatli uylardan birining bir xonali kvartirasi evaziga o‘z qizini Tursun Haqberdiyevga shar’iy nikohlab bergan. O‘zidan qariyb 30 yosh katta erkak bilan turmush qurganidan norozi qiz haq-huquqini bilmagani va imkonsizligi bois shu paytgacha jim yashab kelgan bo‘lsa-da, uyiga kelgan mahalla faollariga bor gapni aytib berdi. Bu haqda hudud profilaktika inspektori hamkorligida darhol bayonnoma tuzilib, Navoiy shahar ichki ishlar bo‘limiga taqdim qilindi.

Navoiy shahridagi Chinor mahallasida o‘tkazilgan sayyor sud majlisida T.Haqberdiyev va M.Hojiyevaning jinoiy ishi ko‘rib chiqilib, ularga tegishli jazo choralari belgilandi.

Afsuski, qonunlarimizda belgilangan normalarga qaramay, jamiyatda nikoh munosabatlariga doir tartib-taomillarni buzish holatlari juda ko‘p uchraydi. Jumladan, Oila kodeksida yakka nikohlilik tamoyiliga amal qilinishi belgilangan. Ammo ayrim erkaklar bir ayol bilan qonuniy nikohda bo‘la turib, shar’iy nikoh asosida ikkinchi ayolga ham uylanadi.

Qo‘shxotinlik dinda ham qoralangan

Bunday shaxslar umri davomida dinning boshqa biron talabiga amal qilmagan bo‘lsa-da, islomda to‘rt nafargacha uylanishga ruxsat berilganini ro‘kach qilishadi, deydi Karmana tumani bosh imom-xatibi Mustafo Yunusov. Vaholanki, muqaddas dinimizda, jumladan, Niso surasining uchinchi oyatida to‘rt nafargacha uylanishga ruxsat bera turib, darhol orqasidan agar ular o‘rtasida adolat va tenglikni barqaror qila olmaslikdan qo‘rqsangiz, faqat bitta xotin bilan kifoyalaning , deyiladi. Yana shu suraning 129-oyatida: Har qancha urinsangizlar ham xotinlaringiz o‘rtasida adolat qilishga qodir bo‘lmaysizlar , deb Alloh taoloning o‘zi guvohlik beradi.

Demak, shariatda ko‘p xotinlilikka hech qanday shart-sharoitsiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ruxsat berilmagan. Zotan, bugun qator muammolarning kelib chiqishiga din to‘rt nafargacha ayolga uylanishga izn bergan degan fikrni dastak qilib olgan kimsalarning shar’iy nikohlab olayotgan ikkinchi ayoliga yetarlicha sharoit yaratib bermayotgani sabab bo‘lmoqda.

16 yoshida shar’iy nikohdan o‘tgan

Yaqinda Navoiy viloyatida sodir etilgan firibgarlik jinoyati butun respublikada shov-shuv bo‘ldi. Gap shundaki, mazkur jinoyatni sodir etgan Salima Muxtorova Karmana tumanida tug‘ilgan, shu paytgacha Namangan viloyatida istiqomat qilib kelgan. U ayni paytda Namangan shahridagi 70-umumta’lim maktabining 11-sinfida o‘qishi kerak bo‘lgan holda, sentyabr oyidan buyon o‘qishga bormagan. Bunga sabab, 2018 yilning avgust oyida uning qo‘qonlik shaxsga shar’iy nikohlanganidir. 16 yoshida qonunlarimizga zid ravishda shar’iy nikohga olingan qiz oilali bo‘lgach, darslarga qatnamay qo‘ygan.

Xullas, Salima Navoiy shahridagi savdo kompleksi hududidagi do‘konlardan biridan 5 million 660 ming so‘mlik tilla buyumlarni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan. Navoiy viloyati IIB matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, bu Salima Muxtorovaning to‘rtinchi bor shu turdagi jinoyatga qo‘l urishi bo‘lib, bunga qadar unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan ekan. Agar qiz shar’iy nikoh bilan uzatilmasdan, maktabida o‘qib yurganida balki bu holat kelib chiqmas edi. Chunki uni o‘z nikohiga olgan shaxs oilasining moddiy-ma’naviy ehtiyojlarini qondirish, nikohidagi ayol uchun turmush sharoiti yaratib berish javobgarligini his qilmagan.

Siniq shoxga tirmashish

Jinoyat kodeksining 126-moddasiga ko‘ra, ko‘p xotinli bo‘lish, ya’ni umumiy ro‘zg‘or asosida ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin bo‘lib yashash eng kam oylik ish haqining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi, deydi Oila ilmiy-amaliy tadqiqot markazining Navbahor tumani bo‘limi rahbari Xayriniso Yodgorova. Oila kodeksida nikoh qanday holatlarda haqiqiy hisoblanmasligi belgilangan. Shuningdek, tegishli idora ruxsatisiz shar’iy nikoh o‘qigan har qanday fuqaro, mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida javobgardir. Afsuski, bugun oramizda qonun oldidagi ana shu javobgarligini his qilmay, shar’iy nikoh o‘qiydigan kimsalar ham yo‘q emas. Aynan ularning jamiyatdagi barqaror ijtimoiy-ma’naviy muhitdan o‘z manfaatini, nikoh o‘qigani uchun oladigan to‘rt-besh so‘m pulni ustun qo‘ygani tufayli yarashishi mumkin bo‘lgan oilalar qayta yarashmayapti, norasida go‘daklar tirik yetimga aylanmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!