Ona suti — go‘daklar uchun eng mukammal ozuqa
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida “Ona suti — go‘daklar uchun eng mukammal ozuqa” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Butunjahon ona suti bilan oziqlantirish haftaligi doirasida o‘tkazilgan mazkur tadbirda Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullari, YUNISEF va JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonalari vakillari, Respublika perinatal markazi rahbariyati, jurnalist hamda blogerlar ishtirok etdi.Ta’kidlanganidek, yurtimizda go‘daklarni ko‘krak suti bilan oziqlantirishni qo‘llab-quvvatlash va targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Chaqaloq uchun tarkibida yuzdan ziyod shifobaxsh mikroelementlar jamlangan, immunoglobulinga boy ona sutidan ham ko‘ra mukammalroq ozuqa yo‘q. Shu bois u go‘dakni turli infeksiyalardan himoyalaydi, immunitetini mustahkamlaydi.— Ona suti bolalarning jismoniy va aqliy rivojlanishini ta’minlashda eng asosiy elementlardan biri, — dedi tadbirni kirish so‘zi bilan ochgan Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari E.Basitxanova. —Qolaversa, uning onalar salomatligini yaxshilashdagi ahamiyati katta. Shu bois yurtimizda 2019 yil 23 oktyabrda “Ona suti bilan oziqlantirishni qo‘llab-quvvatlash hamda go‘daklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilingan. Unga muvofiq, O‘zbekistonda ona suti o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni reklama qilish taqiqlangan. Chunki bunday sun’iy mahsulotlar bola o‘sishining sekinlashishi va organizmida mikroelementlar yetishmovchiligiga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, sanitariya-gigiyena sharoitlari va toza ichimlik suvi bo‘lmagan joylarda ona suti o‘rnini bosuvchi aralashmalar o‘g‘il-qizlar hayoti uchun xavfli bo‘lishi mumkin.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tahlillariga ko‘ra, keyingi yillarda yer yuzida go‘daklarni ona suti bilan parvarishlash ko‘rsatkichlari tobora pasayib bormoqda. Xususan, bugungi kunda dunyo bo‘yicha olti oygacha bo‘lgan bolalarning atigi 44 foizigina ona suti bilan oziqlanmoqda. Har ikki yangi tug‘ilgan chaqaloqdan biri sun’iy ozuqa bilan parvarishlanyapti.
Biroq so‘nggi yigirma yil ichida ko‘krak suti o‘rnini bosuvchi sun’iy mahsulotlarni sotish ko‘lami esa taxminan ikki baravar ko‘paygan. Buni mutaxassislar dunyoda chaqaloqlar uchun mo‘ljallangan sun’iy sut mahsulotlari reklama va marketingiga zo‘r berilayotgani va hatto yolg‘on targ‘ibot avj olayotgani bilan izohlamoqda.
Shu bois JSST bolalarni olti oylik bo‘lguniga qadar faqat ona suti bilan parvarishlashni, ikki yoshga to‘lgunicha esa emizishni to‘xtatmagan holda qo‘shimcha ovqatlar bilan oziqlantirishni tavsiya qiladi.
Matbuot anjumanida YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari Joffri Ijumbaga ham so‘z berildi.
— Ko‘krak suti chaqaloq immunitetini oshirish barobarida, ona va bola o‘rtasidagi rishtalarni mustahkamlashga xizmat qiladi, — deydi xorijlik mutaxassis. — Hozirgi tadbir ayni shu masala targ‘ibotiga bag‘ishlangan. Opa-singillarimizning bu boradagi xabardorligini oshirishimiz kerak. Uning samarasi — butun jamiyat uchun manfaatli. Biz ona suti bilan oziqlantirishni doimiy qo‘llab-quvvatlashga, bu boradagi siyosat va dasturlarni yanada takomillashtirishda barcha zarur yordamlarni ko‘rsatishga, bir so‘z bilan aytganda faol hamkorlikka tayyormiz.
Tadbir davomida jurnalist va blogerlarning mavzuga doir savollariga mutaxassis hamda ekspertlar tomonidan batafsil javob berildi.