"Oltin to‘p" sohibi vafot etdi
Angliya terma jamoasining sobiq yulduzi, ikki karra "Oltin to‘p" sohibi Kevin Kigan 75 yoshida vafot etdi. Bu haqda sportchi oilasining bayonotiga tayanib, Sky telekanali xabar berdi.
Kevin Kigan joriy yil 1 iyunida BBC Sport orqali unga saraton kasalligining to‘rtinchi bosqichi qo‘yilganini ma’lum qilgan edi.
- Juda katta alam ila ma’lum qilamizki, Kevin Kigan 75 yoshida olamdan o‘tdi. Angliya terma jamoasining sobiq futbolchisi va murabbiyi saratonga qarshi kurashdi va umrining oxirgi daqiqalarini rafiqasi va qizlari bag‘rida o‘tkazdi. Oila Kevinning butun davolanish jarayonida yordam ko‘rsatgan ajoyib shifokorlar jamoasiga minnatdorchilik bildiradi, — deyiladi marhum oilasi bayonotida.
Futbolchi sifatida Kigan Angliyaning "Liverpul", "Nyukasl" va "Sautgempton" klublarida, shuningdek, Germaniyaning "Gamburg" va Avstraliyaning "Blekttaun Siti" jamoalarida to‘p surgan.
"Liverpul" tarkibida u uch karra Angliya chempioni, ikki karra Angliya Superkubogi va UYEFA Kubogi sovrindoriga aylandi, shuningdek, bir marta Angliya Kubogi va Yevropa chempionlar kubogini qo‘lga kiritgan. "Gamburg" bilan birgalikda esa Germaniya chempionati va Germaniya Kubogida g‘olib chiqqan.
Kigan 1978 va 1979 yillarda "Oltin to‘p" mukofotiga sazovor bo‘lgan. U bu sovrinni ikki marta qo‘lga kiritgan yagona ingliz futbolchisi hisoblanadi. 2022 yilda u Angliya futboli Shon-shuhrat zaliga kiritilgan.
Futbolchilik faoliyatini yakunlagach, Kigan murabbiylikka o‘tdi. U "Nyukasl", "Fulhem" va "Manchester Siti" klublariga bosh murabbiylik qilgan, shuningdek, Angliya terma jamoasini ham boshqargan.
