Olloh qudratini namoyish etuvchi jonzot

Toshbaqa uzoq umr ko‘radigan, bardoshli jonzot bo‘lib, Alloh taolo uni insonni yaratishidan 200 million yil oldin yaratgan va O‘zining qudratiga dalolat qiladigan ko‘plab imkoniyatlar berib qo‘ygan.
Toshbaqalar yer yuzidagi eng qadimiy jonzotlardan hisoblanib, janubiy qutbdan tashqari barcha joyda yashaydi. Ba’zi toshbaqalarning og‘irligi 700 kilogrammdan ko‘proq bo‘ladi. Yetti turdagi dengiz toshbaqalaridan oltitasi sohillardagi qurilish, ov, kemalarning harakati sababli tuxum qo‘yishga imkoni bo‘lmay inqiroz yoqasida turibdi. Dengiz toshbaqasi tuxum qo‘ygan joyidan 12000 km uzoqlikka ketib, keyin yo‘lidan adashmay o‘sha joyga kelishi mumkin.
Toshbaqa Oy atrofini aylangan birinchi jonzot bo‘lib, 1968 yilda sobiq ittifoq Zond 5 kosmik kemasini chiqargan. Unda bir juft toshbaqa ham bor edi. Parvoz tugagach, toshbaqalarning vazni 10 foizga kamaygan va ba’zi qiyinchiliklarni ko‘rgan bo‘lsa-da, ular bu safarga bardosh berdi, tirik qoldi, ishtahasini yo‘qotmadi.
Toshbaqalarning hid, ta’m bilish, eshitish, ko‘rish sezgi organlari bo‘lib, hatto ular gapiradi va ovoz to‘lqinlarini tarqatadi.
Boshqa jonzotlar nafas olish chog‘ida ko‘kragi kengayadi. Toshbaqaning tanasini o‘rab turgan tosh nafas olish chog‘ida ko‘ksining kengayishiga to‘sqinlik qiladi. Shu bois u nafas olishda bo‘yin va tanasining boshqa mushaklarini ishlatadi.
Shuningdek, toshbaqa ustidagi toshni tashlab yubora olmaydi, chunki, uning toshi umurtqa pog‘onasi bilan birikkan.
Toshbaqa qizil, sariq va apelsin rangni yoqtiradi, ranglarni ajrata oladi, bu esa ozuqa topish va dushmandan saqlanishiga sabab bo‘ladi. Ko‘plab yirtqichlar, masalan tulki, it, dengiz qisqichbaqasi va chayka kabi dengiz qushlari toshbaqalarning tuxumdan chiqishini poylab turadi.
Toshbaqa tuxumlarini qo‘ygach, yetti hafta turadi, homilalar tuxum va uning po‘stlog‘idagi kalsiyni iste’mol qiladi. Tuxum ichidagi homila to‘liq shakllanib bo‘lgach, burnining old qismida tuxum po‘chog‘ini sindirib chiqishi uchun qattiq o‘simta hosil bo‘ladi. Bu o‘simta toshbaqa tuxumdan chiqqanidan so‘ng yo‘qolib ketadi. Subhanalloh!
Ushbu o‘simtani muayyan vaqtda paydo qilib, keyin yo‘qotgan kim?! Tabiatmi?! Tasodifmi?! Tabiat yoki tasodif o‘sha o‘simtaning qachon hosil bo‘lishini va qachon yo‘qolishi kerakligini qanday biladi?! O‘sha o‘simtani kerakli paytda yaratib, keyin yo‘q qilgan tabiat ham, tasodif ham emas, balki Alloh taoloning O‘zidir! Agar o‘sha o‘simta toshbaqa tuxumdan chiqqanidan keyin yo‘qolib ketmaganda, unga ko‘p noqulayliklar bo‘lishiga sabab bo‘lishi mumkin edi.
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday deb marhamat qilgan:
وَتَرَى الْجِبَالَ تَحْسَبُهَا جَامِدَةً وَهِيَ تَمُرُّ مَرَّ السَّحَابِ صُنْعَ اللَّهِ الَّذِي أَتْقَنَ كُلَّ شَيْءٍ إِنَّهُ خَبِيرٌ بِمَا تَفْعَلُونَ
«Bu har bir narsani puxta qiladigan Allohning san’atidir. Albatta, U nima qilayotganingizdan o‘ta xabardordir». (Naml surasi, 88-oyat)
Mayami universiteti olimlari toshbaqaning miyasi bir necha oy kislorodsiz ishlashi mumkinligini aniqladilar. Vaholanki, insonga kislorod kelmay qolsa, uch daqiqa ichida halok bo‘lishi mumkin. Demak, insondan ko‘ra toshbaqa qiyin sharoitlarga ko‘proq chidaydigan qilib yaratilgan.
Shundan keyin ham inson kibr qilishi mumkinmi?!
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday deb marhamat qilgan:
يَا أَيُّهَا الْإِنسَانُ مَا غَرَّكَ بِرَبِّكَ الْكَرِيمِ
الَّذِي خَلَقَكَ فَسَوَّاكَ فَعَدَلَكَ
فِي أَيِّ صُورَةٍ مَّا شَاء رَكَّبَكَ
«Ey inson! Karamli Robbing xususida seni nima aldab qo‘ydi?! U seni yaratdi, to‘la-to‘kis va mo‘’tadil qildi. O‘zi xohlagan suratda seni yig‘di». (Infitor surasi, 6-8-oyatlar).
Toshbaqalar insonlardan ancha oldin, bir necha million yillardan beri o‘ziga xos joyni aniqlash tizimi (GPS)dan foydalanadi. U tomonlarni bilishda Yerning magnit maydonidan foydalanadi.
Toshbaqalar yer ostidagi tuxum qo‘yish joyidan chiqqach, ummon sari yo‘l oladi. Keyin 12000 ming kilometrdan ko‘proq masofani bosib o‘tadi. Shuncha masofani bosib o‘tganidan so‘ng avvalgi joyiga adashmasdan yetib keladi.
Yangi o‘tkazilgan tajribada tuxumdan yangi chiqqan toshbaqani chalg‘itish uchun uni magnit maydonli joyga qo‘yilganda, mitti toshbaqa darhol iliq suvli ummon sari yurib ketgan. Xo‘sh, toshbaqani to‘g‘ri yo‘lga yo‘llab turgan, uzoq masofaga ketgan bo‘lsa ham adashmay o‘z uyini topib keladigan qilib qo‘ygan kim? Bu savolga quyidagi oyatdan javob topamiz. Muso alayhissalom va Fir’avn o‘rtasidagi suhbatni Alloh taolo hikoya tarzida keltirib, shunday degan:
قَالَ فَمَن رَّبُّكُمَا يَا مُوسَى قَالَ رَبُّنَا الَّذِي أَعْطَى كُلَّ شَيْءٍ خَلْقَهُ ثُمَّ هَدَى
U (Fir’avn): «Ikkingizning Robbingiz kim, ey Muso?» – dedi. U: «Robbimiz har narsaga o‘z yaratilishini bergan hamda uni hidoyatga solgan Zotdir», – dedi. (Toha surasi, 49-50-oyatlar)
Toshbaqaning tashqi ko‘rinishi kishini tafakkurga chorlaydi. Uning tashqi ko‘rinishi, tanasini o‘rab turgan toshi dahriylarning «tasodifan paydo bo‘lgan» degan da’vosini botil qiladi. Agar toshbaqaning toshi evolyusiya natijasida hosil bo‘lganida, juda ko‘p jonzotlarning ustida ham shunday tosh ko‘rardik. Xo‘sh, nima uchun bunday tosh faqat toshbaqada mavjud? Barcha jonzotlar qatorida toshbaqalarni ham Alloh taoloning O‘zi yaratganini anglashimiz, U Zot har bir jonzotni o‘zi yashaydigan muhitga moslab, kerakli a’zolar, jihozlar bilan yaratganini bilishimiz uchundir.
Toshbaqa o‘nlab yoki yuzlab tuxum qo‘yadi. Tuxum qo‘yish uchun joyni tanlashga katta e’tibor qaratadi. Tuxumlarni yorib chiqqan kichik toshbaqalar darhol suv havzasi sari, u yerdan iliq suv mavjud bo‘lgan tarafga qarab suzib ketadi. Xo‘sh, tajriba, malakasiz, tuxumdan endi chiqqan jonzot ota-onasiz suv havzasiga qanday boradi? Kim uni suv bor tarafga yo‘naltirdi? Unga suzish qobiliyatini kim ato etdi? Albatta, toshbaqani suv bor tarafga yo‘naltirgan ham, unga suzish qobiliyatini ato etgan ham Alloh taoloning O‘zidir!
Abduddoim Kahel maqolasi asosida
Nozimjon Hoshimjon tayyorladi