Oliy sudda 2025 yilda odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyati yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi
Oliy sudda 2025 yilda odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyati yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini sud orqali himoyalash borasida qilinayotgan ishlar, sohadagi islohotlar haqida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda «Inson qadri» g‘oyasi asosida o‘tkazilgan muhim siyosiy-huquqiy jarayonlarda yangi tahrirdagi Konstitusiya qabul qilinib, unda fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari himoyasining kafolatlari yanada kuchaytirildi.
Fuqarolar va tadbirkorlarga odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlari yanada kengaytirilgani alohida qayd etildi.
Xususan, aholining sudga murojaat qilishiga oid masalalar to‘liq raqamlashtirildi. Ariza yo‘llash, ishda ishtirok etish, sud hujjatlarini olish va ishlarni ko‘rilishi haqida ma’lumot olish kabi sud tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar Oliy sudning interaktiv xizmatlar portali orqali elektron shaklda amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yildi.
Natijada, sudlar faoliyatining ochiqligi ta’minlanishi bilan birga aholining o‘z huquqlarini sud orqali himoya qilish bo‘yicha huquqiy ongi va madaniyatini oshishiga erishilmoqda.
Inson huquqlarini sud orqali himoya qilish tizimini yanada yaxshilash, odil sudlov sohasidagi kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish, sud sohasini raqamlashtirish ishlarini jadallashtirish, sudlarda fuqarolarga qulay shart-sharoitlar yaratish borasida bir qator muhim qaror va farmonlar imzolandi.
Jinoyat ish yurituvida insonparvarlik tamoyillari asosida «Xabeas korpus» institutini yanada keng tatbiq etish maqsadida 2025 yil 1 yanvardan tergov sudyalari instituti milliy amaliyotga joriy etildi.
Bugungi kunda, 205 ta jinoyat ishlari bo‘yicha tuman va shahar sudlarida 263 nafar tergov sudyalari fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilib, odil sudlovni amalga oshirmoqda.
Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish va ma’muriy sud ishlarini yuritishni xalqaro standartlardan kelib chiqib takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish Konsepsiyasi tasdiqlandi.
Sud sohasini raqamlashtirish, sud tizimining moddiy ta’minotini yaxshilash, sudyalar korpusini malakali kadrlar bilan ta’minlashga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmonlari qabul qilindi.
«Raqamli sud» konsepsiyasi asosida «Aqlli sud» zallari tashkil etish, sudlar faoliyatiga eng ilg‘or sun’iy intellekt texnologiyalari joriy etish, sudlarga zamonaviy binolar qurish, shuningdek, odil sudlov sohasi uchun kadrlar tayyorlashning zamonaviy, ixcham va optimal tizimi yo‘lga qo‘yish belgilandi.
Oliy sud tomonidan ishlarni ko‘rish jarayonida sud amaliyotida aniqlanayotgan muammolar doimiy ravishda o‘rganilib, «sud ko‘zi bilan» tahlil etib borish yo‘lga qo‘yildi.
O‘tkazilayotgan tahlillar asosida aniqlangan kamchiliklar va qonunchilikdagi ziddiyatlarni bartaraf etish, shuningdek odil sudlov samaradorligini oshirish va sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha qonunchilik tashabbusi huquqidan foydalangan holda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilmoqda.
Oliy sud Plenumi tomonidan sud amaliyotida qonunchilikni qo‘llashning dolzarb masalalari yuzasidan tushuntirishlar berilib, davlat organlari va tashkilotlar uchun yagona sud amaliyotini yaratishga doimiy e’tibor qaratib kelinmoqda. Oliy sud Plenumi tomonidan 28 ta qaror qabul qilinib, ularning 20 tasida bevosita qonunchilikni qo‘llash masalalari bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berilgan. Ushbu tushuntirishlarning mazmun-mohiyatida jamiyatdagi eng dolzarb masalalar bo‘yicha yagona sud amaliyotini o‘rnatish maqsad qilingan.
Oliy sud Rayosati tomonidan 2025 yilda 21 ta masala ko‘rilib, ular yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilingan.
Fuqarolarga yanada ko‘proq qulayliklar yaratish maqsadida sudlar faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha tizimli choralar ko‘rilmoqda.
Matbuot anjumanida jurnalist va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan boshqa savollarga ham javoblar oldi.
