Oliy Majlis binosi oldida o‘nlab haydovchilar norozilik namoyishi uyushtirdi

Oliy Majlis binosi oldida o‘nlab haydovchilar norozilik namoyishi uyushtirdi

O‘zbekiston va Rossiya shaharlari orasida yengil avtomobilda qatnaydigan o‘nlab haydovchilar 13 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi binosi oldida to‘plandi. «Kun.uz»ning xabar berishicha, O‘zbekistonning turli hududlaridan kelgan haydovchilar 1 yanvardan kuchga kirgan yangi bojxona tartibidan shikoyat qilmoqda.

Yangi tartibga ko‘ra, jismoniy shaxslar shaxsiy ehtiyojlari uchun chet eldan olib kelayotgan tovar miqdori bojsiz olib kirish me’yorlaridan orsa, bojlar soddalashtirilgan tartibda undiriladi — bojxona boji, QQS va aksiz solig‘i o‘rniga yagona bojxona to‘lovi joriy etildi. To‘lov stavkasi tovarning bojxona qiymatidan 30 foiz, lekin bir kilogrami uchun 3 dollardan kam bo‘lmagan miqdorda belgilangan. Haydovchilar joriy etilgan boj miqdori qimmatligini aytib, uni pasaytirishni iltimos qilmoqda.

«O‘zbekistonga kirib kelishda 1 kilo yuk uchun to‘lanadigan 3 dollar Rossiyada ishlaydigan yurtdoshlarimizga va Rossiya—O‘zbekiston yo‘nalishida qatnaydigan haydovchilarga og‘irlik qilyapti.

Rossiyada ishlaydigan yaqinlarimizning oyligi 30—35 ming rubl atrofida bo‘lsa, undan oylik patent to‘lovi va kvartirasiga to‘lasa, yuklarini olib kelishimiz uchun bizga kilosiga 120 rubldan (2 dollarga yaqin) to‘lov qilsa, fuqarolarimizga nima qoladi?

Oila boqish uchun 4—5 kunlab, uyqusizlik bilan Qoraqalpog‘istongacha yetib kelamiz. Shu vaqt ichida Qozog‘iston bilan chegaradagi bojxonada bir kunlab navbatda qolib ketamiz. Bojxonaga kirishda «Yuklarimiz uchun qancha pul olisharkan?» deb yurak hovuchlab o‘tiramiz.

Mashinasining tirkamasi borlar 10 million so‘mdan boshlab tortishib-tortishib, 4—5 million so‘mgacha tushirishadi. Yengil mashina ustidagi bagaji uchun 1,5—2 million atrofida pul to‘lanadi. «Agar pulni to‘lamasang, qora ro‘yxatga kiritamiz. Keyin O‘zbekistondan chiqa olmaysan», deb dag‘dag‘a ham qilishadi», — deyiladi haydovchilarning rasmiylar nomiga yozilgan iltimosnomada.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!