Oilada ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va tazyiqni olish maqsadida konferensiya o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda “Yangi O‘zbekistonda oilaviy zo‘ravonlikning oldini olish va oilaviy zo‘ravonlikdan jabr ko‘rganlarga amaliy ko‘mak berish: muammo va yechimlar” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi.
Unda qayd etilishicha, hozirga qadar xotin-qizlar muammolarini hal etish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlat byudjetidan 3 trillion so‘m, imtiyozli bank kreditlaridan 7 trillion so‘m pul ajratilgan.
Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va tazyiq holatlari bo‘yicha jabrlangan 29 ming 541 nafar xotin-qizning barchasiga “himoya orderi” rasmiylashtirilgan.
Zo‘ravonlarning 62 ming 347 nafariga cheklovlar o‘rnatilib, profilaktika inspektorlari tomonidan nazoratga olingan.
O‘z navbatida, himoya orderida belgilangan cheklovlarga rioya etmagan ming nafardan ortiq shaxs Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 206-1-moddasi, 674 nafari boshqa moddalar asosida ma’muriy jazoga tortilgan.
Keltirilishicha, joriy yilning o‘tgan davrida sudlar tomonidan ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va tazyiq o‘tkazish bilan bog‘liq 2 ming 12 jinoyat ishi ko‘rilgan bo‘lib, ularda 1,6 ming nafardan ziyod shaxsga nisbatan ayblov hukmlari chiqarilgan.
Ushbu toifadagi jinoyatlarni sodir etganlarning 80 foizi hech qayerda ishlamaydigan shaxslar bo‘lsa, ularning 19 foizini ayollar tashkil etadi.
Jabrlangan ayollarni uydan chiqarib haydash orqali tazyiq o‘tkazish holatlari bo‘yicha 2 ming 71 da’vo ko‘rib chiqilgan bo‘lib, shulardan 1,5 mingdan ziyodi yoki 76 foizi bo‘yicha da’vo qanoatlantirilib, tarafni uyga kiritish haqida sud qarorlari qabul qilingan.
Shuningdek, aliment undirishga doir 6 ming 585 ishning 5 ming 275 tasi yoki 80 foizi bo‘yicha ariza talablari qanoatlantirilgan.
Bundan tashqari, 8 ming 457 nafar xotin-qiz murojaatlari bevosita prokuratura organlarida ko‘rib chiqilib, 2,5 mingdan ortig‘i qanoatlantirilgan, 1 ming 877 nafarining buzilgan huquqlari tiklangan.
Mazkur o‘rganishlar natijasida qo‘pol qonun buzilish holatlari yuzasidan uchta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, 114 protest, 101 taqdimnoma, 96 ogohlantiruv tarzidagi prokuror nazorati hujjatlari qo‘llanilib, 22,9 million so‘m zararlar undirilgan, 92 nafar mansabdor shaxs intizomiy yoki ma’muriy javobgarlikka tortilgan.