Odil sudlovni ta’minlash – sud-huquq tizimidagi islohotlarning bosh maqsadi

Odil sudlovni ta’minlash – sud-huquq tizimidagi islohotlarning bosh maqsadi

Mamlakatimizda sud-huquq tizimidagi islohotlar bugun o‘zining amaliy samaralarini ko‘rsatmoqda. Amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarining asosiy maqsadi fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish orqali xalqimizning sud tizimiga bo‘lgan ishonchini qat’iy mustahkamlash, sudni tom ma’noda “Adolat qo‘rg‘oni”ga aylantirishdan iboratdir.

Ushbu ustuvor masalalar yuzasidan o‘tgan 3 yilda 20 dan ortiq qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi. Islohotlar natijasida sudlar tomonidan ilk marotaba 2 ming 273 nafar fuqaroga nisbatan oqlov hukmi chiqarildi. Shuningdek, jinoyat yo‘liga bilib-bilmay kirgan 3,5 mingdan ortiq yoshlar va xotin-qizlarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanmasdan, ular mahalla va jamoatchilik kafilligiga olindi. Inson huquqlarini buzganligi uchun 60 nafar huquq-tartibot idoralari xodimlari jinoiy javobgarlikka tortildi.

Prezident SH.Mirziyoyev joriy yilning 30 iyun kuni "Odil sudlovni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar" muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ta’kidlanganidek, bunday o‘zgarishlar odamlarimizda haqiqat va adolatga bo‘lgan ishonchni mustahkamlamoqda ekanligini, lekin, xalq sud-huquq tizimidan rozi deyishga hali asos yo‘qligi sababli sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, sud-huquq tizimida mavjud muammolarni bartaraf etish, fuqarolarni huquq va erkinliklarini ta’minlash, sudyalar mustaqilligini va odil sudlovni amalga oshirishni ta’minlash yuzasidan aniq chora va vazifalar belgilab berildi.

Xususan, sudyalik lavozimini egallash uchun muayyan ish stajiga ega bo‘lish, Sudyalar oliy maktabini o‘qib tugatish kabi talablar qo‘yish orqali tanlov kuchaytirilganligini, endi tergovchilikka nomzodlarga ham shunga o‘xshash talablar qo‘yilishi kerakligi qayd etildi. Jumladan, bir qator mutasaddi idoralarga Tergov institutini tashkil etish, tergovchilik kasbini egallashga mutlaqo yangi talablarni ishlab chiqish, sohaga ilg‘or tajriba va standartlarni joriy etish vazifalari qo‘yildi.

Davlatimiz rahbari tomonidan yig‘ilishda qo‘yilgan yana bir muhim masala – huquq-tartibot idoralarida ishlarning tergovga aloqadorligi buzilib ketganligi, xususan, shunday jinoyat turlari borki, ularni har qanday tergov idorasi tergov qilishi mumkin bo‘lsa, ayrim moddalar esa qaysi tergov organiga mansubligi qonunda ko‘rsatilmaganligi e’tirof etildi.

Shuningdek, 2018-2019 yillarda birinchi instansiya sudlarida jami 192 ta jinoyat ishi bo‘yicha 307 nafar shaxs oqlangan bo‘lsa-da, hech qaysi holatda prokuror ayblovdan voz kechmaganligi, shu bois tergov jarayonidagi xatolar sud majlisida aniqlansa, prokuror sudning tugashini kutib o‘tirmasdan, o‘z tashabbusi bilan ayblovdan voz kechadigan tartib joriy etilishi lozimligi qayd etildi.

Shuningdek, yig‘ilishda ilg‘or tajribalar va xalqaro standartlar asosida sud tizimini “bir sud – bir instansiya” tamoyili asosida qayta ko‘rib chiqish topshirig‘i berildi. Sud tizimida eskilik sarqiti bo‘lgan, o‘z nomi bilan ham sudning mazmun-mohiyatiga to‘g‘ri kelmaydigan nazorat tartibida ishlarni ko‘rish amaliyotidan to‘liq voz kechish haqida ko‘rsatmalar berildi. Bu o‘z yo‘llida fuqarolarni sarson sarkardonligini oldini olib, ishlarni tez hal qilish imkoniyatini beradi.

Shu bilan birga, Prezident SH.Mirziyoyev yig‘ilishda sudyalarning adolatli qaror qabul qilishlariga ta’sir o‘tkazuvchi barcha omillarni, shu jumladan Oliy sud raisi va Bosh prokurorning protest keltirish huquqini bekor qilish taklifini ilgari surdi.

Jinoyat prosessual qonunchiligiga ko‘ra, sudlar tomonidan chiqarilayotgan qarorlar faqat sud majlisida tekshirilgan dalillarga asoslanishi lozim. Hech kimga sir emas ayrim sudyalar tergov materiallariga bog‘lanib qolganligi, bu esa qonun, sud va davlat obro‘siga putur yetkazadi. Shu nuqtai nazardan Prezidentimiz, sudlar chiqarayotgan qarorlar faqat sud majlisida tekshirilgan dalillarga asoslanishi lozimligi ta’kidlab, odil sudlov xalqning ko‘z o‘ngida, ochiq-oshkora amalga oshirilib, adolat qaror topishi lozimligi aytib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari, shuningdek, sudga borish uchun ayrim tuman va shaharlarimizda odamlarga qulaylik yaratish zarurligi haqida gapirdi. Misol uchun, aholisi eng ko‘p tumanlardan biri bo‘lgan Urgutda (500 ming kishi, 102 ta mahalla) fuqarolik sudi yo‘qligi sababli 80 kilometr yo‘l bosib, Toyloq tumanlararo sudiga boriladi.

Shu bois sudlar va ularning faoliyatini optimallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

O‘zbekiston Respublikasining “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, sudyalar mustaqildirlar, faqat qonunga bo‘ysunadilar. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashuv qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Yig‘ilishda, ushbu qonunning normasini aniq va bir xilda bajarilishini ta’minlash maqsadida, Prezidentimiz tomonidan sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga aralashuvni oldini olish uchun, sudyaning faoliyatiga to‘sqinlik qilgani va adolatsiz qaror chiqarishga majburlagani uchun javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqish masalasi qo‘yildi.

Shu bilan birga yig‘ilishda davlatimiz rahbari tomonidan yana bir muhim masala - sud faoliyatida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish masalasi qo‘yildi.

Raqamli texnologiyalar bugungi davr talabi ekanligi hech kimga sir emas. Prezidentimiz tomnidan joriy yil yakuniga qadar Oliy sudda yagona “Adolat” axborot tizimlari kompleksini ishga tushirish vazifasi yuklatildi. Bunda barcha uchun sudlarga elektron murojaat qilish, murojaatlar holatini onlayn tarzda kuzatish, taraflarga ma’lumotlarni elektron shaklda yuborish imkoniyati yaratiladi. Sudlar joriy yilda videokonferensiya aloqa tizimi bilan 100 foiz qamrab olinishi lozimligi ta’kidlandi.

Sud binosiga kelgan har bir inson O‘zbekistonda adolat borligiga ishonib chiqib ketishi kerakligi to‘g‘risidagi Prezidentning talabidan kelib chiqqan holda, har bir sudya va sud xodimi juda katta mas’uliyat va fidoyilik nuqtai nazaridan to‘z vazifamizga yondoshishimiz, davlatimiz rahbari tomonidan qo‘yilgan ushbu vazifalarni fuqarolarimizni huquq va manfaatlarini ta’minlash yo‘lida sidqi dildan bajarishga xalqimiz oldida va Prezidentimiz oldida mas’ulligimizni unutishimiz kerak emas.

 

Farrux To‘raxodjayev,

jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi sudyasi,

Sanjar Abduganiyev,

jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi sudyasi

Muxammad Qayumov,
jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi sudyasi

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!