Odam rasmini chizish joizmi?
— Assalomu alaykum. Moskvadagi Dizayn institutida o‘qiyman. Bu institutga onajonimni xursand holda ko‘rish uchun kirdim. Lekin rasm darsida odam kallasi suyagining rasmini chizishimiz kerak ekan. Bu Alloh taqiqlagan narsa emasmi? Shunday vaziyatda qanday yo‘l tutishimni maslahat berasiz? Alloh sizlarni yaxshilik ila mukofotlasin!
— Shariatda insonni, jonli narsalarning suratini to‘la holda chizish taqiqlangan.
Mo‘minlarning onasi Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Men suratlari bor yostiq sotib olgan edim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni ko‘rgach, eshik oldida turib qoldilar, undan kirmadilar. Yuzlarida norozilik payqadim. «Ey Allohning Rasuli, Allohga va Uning Rasuli sollallohu alayhi vasallamga tavba qilaman! Nima gunoh qildim?» dedim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bu yostiqqa nima bor?» dedilar. «Uni siz uchun, unda o‘tirishingiz va uni yostiq qilib tutishingiz uchun sotib oldim», dedim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, ushbu suratlarning egalari qiyomat kuni azoblanadilar. Ularga: «Yaratgan narsalaringizni tiriltiring!» deyiladi», dedilar va: «Suratlar bor uyga farishtalar kirmaydi», deb aytdilar».
Muslimdan rivoyat qilinadi:
«Masruq bilan birga Yasor ibn Numayrning uyida edik. (Masruq Yasorning) bostirmasidagi suratlarni ko‘rib, dedi: «Abdullohning shunday deganini eshitdim: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning «Qiyomat kuni Allohning huzurida eng qattiq azobda bo‘ladigan odamlar musavvirlardir», deyayotganlarini eshitganman».
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo xabar qiladi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bu haykallarni yasaydiganlar qiyomat kuni azoblanadilar. Ularga: «Yaratgan narsalaringizga jon kiriting!» deyiladi», dedilar». (“Oltin silsila” kitobidan Sahihul Buxoriy).