OCHL: “Nasaf” o‘z guruhida peshqadam

Osiyo chempionlar ligasining “V” guruhida ikkinchi tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Unda “Nasaf” – “Al-Sadd”, “Sharja” – “Al-Faysali” jamoalari o‘zaro bahslashdi.
Qarshi shahridagi “Markaziy” stadionda o‘tkazilgan o‘yinda “Nasaf” 3:1 hisobida zafar quchdi. Uchrashuvning 29-daqiqasida Suhrob Nurulloyev hisobni ochgan bo‘lsa, Azizbek Amonov 46 va 57-daqiqalarda gol urib o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi. 81-daqiqada esa “Al-Sadd” jamoasi a’zosi Bulayim Huxi hisobni qisqartirdi.
Guruhning ikkinchi o‘yinida “Sharja” o‘z maydonida Mussa Marega tomonidan 20-daqiqada kiritilgan gol evaziga g‘olib bo‘ldi. Shu tariqa, ushbu turdan so‘ng “Nasaf” 6 ochko bilan guruh peshqadamiga aylangan bo‘lsa, “Sharja” klubi 4 ochko bilan 2-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Shuningdek, “Al-Sadd” 1 ochko bilan uchinchi, “Al-Faysali” esa ketma-ket ikki mag‘lubiyatdan so‘ng to‘rtinchi o‘ringa tushib qoldi.
Bugun, 3 oktyabr kuni Osiyo chempionlar ligasi “A” va “D” guruhlarida ikkinchi tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi.
“A” guruhida Toshkentning “Paxtakor” jamoasi Saudiya Arabistonida “Al-Feyha”ga qarshi bahs olib borsa, Namanganda “Navbahor” Hindiston klubi “Mumbay Siti”ga qarshi maydonga tushadi.