Noroziliklar paytida Eron rasmiylari fuqarolarga oyiga 7 dollar va’da qildi
O‘n kundan ortiq davom etayotgan ommaviy norozilik namoyishlari paytida Eron rasmiylari aholiga oylik naqd pul to‘lovlarini joriy etish niyatini e’lon qilishdi, deb xabar beradi BILD nashri.
Hukumat vakili Fotima Mohajeranining so‘zlariga ko‘ra, fuqarolarga oyiga 7 dollar to‘lash rejalashtirilgan.
Hukumat bu chora "uy xo‘jaliklarining xarid qobiliyatini saqlab qolish, inflyasiyani cheklash va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash"ga qaratilganligini tushuntirdi.
Biroq, bu tashabbus jamiyatda shubha uyg‘otdi, chunki iqtisodchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Eronda bir kishi uchun minimal oylik xarajatlar 200 dollardan oshadi. Mamlakatda inflyasiya juda yuqoriligicha qolmoqda: milliy valyuta AQSh dollariga taxminan 1,47 million rialga yetdi.
Ayni paytda, mamlakat bo‘ylab norozilik namoyishlari davom etmoqda va tobora ko‘proq shaharlarga tarqaldi. Namoyishchilar siyosiy o‘zgarishlarni talab qilmoqdalar va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat, narxlarning oshishi va turmush darajasining pasayishidan norozilik bildirmoqdalar. Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon iqtisodiy inqirozning ko‘lamini tan oldi va davlatning barcha to‘plangan muammolarni mustaqil ravishda hal qilish uchun yetarli resurslari yo‘qligini ta’kidladi.
Xabarlarga ko‘ra, xavfsizlik kuchlari o‘qotar qurollar va ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan foydalangan.
