Noqonuniy ishlatilgan tabiiy gaz tufayli davlatga 210 milliard 428,2 million so‘m zarar yetkazildi – “O‘zenergoinspeksiya”

Mamlakatimizda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari ko‘p kuzatilmoqda. Albatta, bu raqamlashtirish va nazorat mexanizmlarining takomillashtirilayotgani bilan bog‘liqdir.
“O‘zenergoinspeksiya” ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yil 1 dekabrdan shu yil 15 fevralgacha 167 ta ana shunday holat fosh etilgan. Bunday holatlar tufayli 82 million 158,9 ming metr kub gaz asossiz ishlatilib, davlatga 210 milliard 428,2 million so‘m zarar yetkazilgan.
“Hududgazta’minot” AJ mas’ullari shu davrda 6472 ta noqonuniy ulanishni aniqlagan. Ular bo‘yicha 50 million 890 ming metr kub gaz uchun 117 milliard 300 million so‘m qayta hisob-kitob qilingan. Shuningdek, 4942 dona gaz ballonida 77,8 tonna (36 ming metr kub) suyultirilgan gaz noqonuniy sotilishiga yo‘l qo‘yilmagan.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, noqonuniy ishlatilgan tabiiy gaz miqdori 133 million 84,9 ming metr kubni tashkil etadi. Bu 266 ming 170 xonadonning qishki bir oylik iste’moliga teng. Agar bu resurs oqilona sarflanganida, metan zapravkalar 10 kun uzluksiz ishlash imkoniyatiga ega bo‘lardi.
Ayni paytda barcha holatlar bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.