Nogironligi bor ayolga davlat tomonidan berilgan uy uchun quruvchi 105 mln so‘m talab qildi

Nogironligi bor ayolga davlat tomonidan berilgan uy uchun quruvchi 105 mln so‘m talab qildi

Huquqlari turli ko‘rinishda buzilayotgan yoki ta’minlanmagan fuqarolar Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ga murojaat qilmoqda.

Asaka tumanida yashovchi ayol Ombudsmanga murojaat qilib, nogironligi bo‘lgan farzandlariga nogironlikni belgilash masalasida yordam berishni so‘radi.

Murojaatchining qizi bir necha yillardan beri 2-guruh nogironi bo‘lishiga qaramay, u doimiy nogironlikka o‘tkazilmagan. Qolaversa, 3-guruh nogironi bo‘lgan o‘g‘lini ham qayta tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish zarurati tug‘ilgan.

Mazkur murojaat Ombudsmanning Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan joyiga chiqib o‘rganildi.

O‘rganish jarayonida murojaatchining nogiron qiziga 2023-2025 yillar uchun nogironlik nafaqasini olishi belgilangani, bu bo‘yicha qayta murojaat qilishga asoslar yo‘qligi tushuntirildi. O‘g‘lining qayta tekshiruvdan o‘tkazilishi va nogironlik guruhini o‘zgartirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi. Shuningdek, fuqaroga mulkiy masalada ham huquqiy maslahat berildi.

Shahrixon tumanida yashovchi 2-guruh nogironi, ikki farzandli yolg‘iz ona N.B.ga 2019 yilda davlat tomonidan uy berilgan. Lekin hozirga kelib quruvchi undan 105 million so‘m to‘lashni yoki uyni bo‘shatishni talab qilgan.

Ayolning shu masaladagi murojaati o‘rganilganda, fuqaro N.B.ga davlat tomonidan berilgan uy-joy davlat kadastridan o‘tkazilgani va uyni bo‘shatishga hech qanday asoslar yo‘q ekani ma’lum bo‘ldi. Taraflarga huquqiy tushuntirishlar berildi.

Yana bir murojaatda fuqaro M.M. mahallasida gaz va elektr energiyasi bo‘yicha uzilishlar masalasida tegishli tashkilotlarga murojaat qilgani va hech qanday natija bo‘lmaganini bildirgan. Shuningdek, 2-guruh nogironi bo‘lgan onasini davolatishda ham amaliy yordam so‘ragan.

Murojaat yuzasidan Ombudsmanning Andijondagi mintaqaviy vakili boshchiligida tegishli mas’ul tashkilotlardan iborat ishchi guruh tuzilib, holat joyiga chiqib o‘rganildi. Murojaatchining tabiiy gaz va elektr energiyasi bo‘yicha muammolari hal etildi.

Onasiga maxsus protez-ortopediya moslamasi kerakligi aniqlanib, u “Ayollar daftari”ga kiritildi. 2024 yilning yanvar oyida muammo to‘liq bartaraf etiladigan bo‘ldi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!