Nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatini rivojlantirish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishda ilgari surilayotganyangi huquqiy mexanizmlar

Bugungi kunda jahon miqyosida demokratik jarayonlarni chuqurlashtirish, fuqarolik jamiyati institutlarini mustahkamlash va jamoatchilik nazorati mexanizmlarini takomillashtirish muhim vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekistonda ham ushbu yo‘nalishda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlariga bir qator qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish taklif qilinmoqda.
Har qanday davlatning barqaror rivojlanishi, avvalo, fuqarolik jamiyati institutlarining erkin va samarali faoliyat yuritishi bilan bog‘liq. Yangi O‘zbekiston sharoitida bu yo‘nalishda olib borilayotgan siyosat NNTlar, jamoat birlashmalari va fuqarolik jamiyati institutlarining davlat boshqaruvidagi rolini oshirishga qaratilgan.
Kuni kecha Qonunchilik palatasi majlisida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi deputatlari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilinib, qabul qilinishi aynan shu maqsadni ko‘zlaydi.
Mazkur qonun loyihasi doirasida davlat organlari mansabdor shaxslarining nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatiga noqonuniy aralashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.
Bu o‘zgartirish NNTlarning erkin faoliyat yuritishiga kafolat yaratib, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilishda muhim ahamiyatga ega.
Yana bir muhim tomoni shundaki, qonun loyihasida jamoatchilik nazorati doirasida tayyorlangan yakuniy hujjatlarni davlat organlari tomonidan majburiy tartibda ko‘rib chiqish mexanizmi ham belgilanmoqda.
Bu esa davlat boshqaruvining ochiqligini ta’minlashga va fuqarolarning davlat organlariga bo‘lgan ishonchini oshirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, jamoatchilik nazorati natijalari asosida taqdim etilgan hujjatlarni belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqmaslik mansabdor shaxslar uchun javobgarlikni nazarda tutadi.
Ushbu qonun loyihasida nodavlat notijorat tashkilotlari, ularning filiallari va vakolatxonalarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini yengillashtirish nazarda tutilgan.
Shuningdek, ro‘yxatdan o‘tmagan ramziy belgilardan foydalanish, hisobot berish va tadbirlar tashkil etish tartibidagi cheklovlarni yumshatish ham ko‘zda tutilmoqda. Bu esa NNTlarning faoliyatini yanada osonlashtirish va ularning samarali ishlashini ta’minlashga xizmat qiladi.
Ushbu tashabbus fuqarolik jamiyati institutlarini yanada qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasining mazkur qonun loyihasini ilgari surishi partiyaning demokratik islohotlardagi faol ishtirokini ko‘rsatibgina qolmay, balki uning saylovoldi dasturida belgilangan maqsadlarga muvofiq amalga oshirilayotganini ham tasdiqlaydi.
Shuningdek, bu qonun loyihasining qabul qilinishi NNTlar va fuqarolik jamiyati institutlari uchun yangi imkoniyatlar yaratishi, ularning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz. Natijada, davlat va jamoatchilik o‘rtasidagi muloqot yangi bosqichga ko‘tarilib, demokratik institutlarning roli yanada oshadi.
Bu kabi tashabbuslar fuqarolik jamiyatini rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘lib, mamlakatimizdagi demokratik jarayonlarning izchil davom etishiga asos yaratadi.