Nishonga urilgan gaplar: “Birimizning birimizdan ustunligimiz pul, mashina, mansab bilan emas, balki taqvo bilandir!”
Quyida keltiriladigan hadis, fikrlar, hikmatlar saytlardan va ijtimoiy tarmoqlardagi turli sahifalardan olib tarjima qilingan.
Safardan qaytgach, masjidda ikki rakat namoz o‘qish
Ka’b ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamning odatlari agar safardan qaytsalar, ishni masjiddan boshlar, u yerda namoz o‘qir edilar”.
Imom Buxoriy rahimahulloh rivoyatlari
*****
Subhanallohi va bihamdihi, Subhanallohil Aziym deb bir kunda yuz marta aytish xatolarimiz dengiz ko‘pigidek ko‘p bo‘lsa ham, ularni o‘chirishini bilsak-da, go‘yoki xatolarimiz yo‘qdek mazkur zikrni takrorlamasligimiz katta yo‘qotish, ziyondir.
*****
Bo‘ron, zilzila, yashin, qattiq qichqiriq, jala, sel, sopol toshchalar, mikrob, virus. Bularning hammasi Alloh taoloning askarlaridir!
*****
Shayx Sha’roviy rahimahullohning o‘lim to‘shagida aytgan gaplari:
«Agar haq bilan haq o‘rtasidagi kurashni ko‘rsang, bunday kurashning topilishi aslo mumkin emas. Chunki, haq bittadir! Haq bilan botil o‘rtasidagi kurash uzoqqa cho‘zilmaydi! Chunki, botil doim yo‘q bo‘luvchi, yengiluvchidir».
*****
Alloh taolo bizni tuproqdan yaratdi.
Tuproq ustida yuradigan qilib qo‘ydi.
O‘lganimizdan so‘ng tuproq ostiga qaytaradi.
Birimizning birimizdan ustunligimiz pul, mashina, mansab bilan emas, balki taqvo bilan belgilanadi.
Alloh taolodan bizni taqvoli bandalaridan va jannat ahlidan qilishini, jannatda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak suhbatlaridan bahramand etishini so‘raymiz!
*****
Har qancha chiroyli, kelishgan bo‘lsang ham, bundan kekkayib, mag‘rurlanma. Chunki chiroy vaqtinchalikdir.
*****
G‘azablanib turganingda gapirma. O‘sha lahzada aytgan gaping to‘g‘ri bo‘lishi mumkin, ammo uslubing xato bo‘ladi.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Mushtlangan qo‘l bilan so‘rashish imkoni yo‘q.
Qulflangan aql sohibi bilan tortishish imkoni yo‘q.
Tosh qotgan aql sohibi bilan suhbatlashish imkoni yo‘q.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
Internet materiallaridan to‘plab, tarjima qiluvchi Nozimjon Iminjonov
