Netanyaxu Isroil va AQSh o‘rtasida Eron masalasida hech qanday kelishmovchilik yo‘qligini ma’lum qildi
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Isroil va AQSh o‘rtasida siyosiy masalalarda, jumladan, Eronga nisbatan munosabatda hech qanday kelishmovchiliklar mavjud emasligini aytdi.
«Men o‘rtamizda biror bir kelishmovchilik bor deb o‘ylamayman», — deya ishonch bildirdi u ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar haqida gapirar ekan, Fox News telekanali efirida.
Netanyaxuning so‘zlariga ko‘ra, Isroil va Qo‘shma Shtatlar ittifoqchi bo‘lib qolmoqda, ularning Eron borasidagi maqsadlari esa bir xil.
«Menimcha, asl savol Eron borasidagi maqsadlarimiz tubdan farq qilishi yoki qilmasligidadir. Va bunga javob — «yo‘q», — dedi Bosh vaziri.
Uning qo‘shimcha qilishicha, har ikki davlat ham Tehronning yadroviy qurol yaratish dasturidan voz kechishiga, boyitilgan materiallarning mamlakatdan olib chiqib ketilishiga va uranni boyitish ob’ektlarining tugatilishiga (demontaj qilinishiga) harakat qilmoqda.
