Nazorat inspeksiyasi quruvchilarni sifatsiz armaturadan ogohlantirdi
Nazorat inspeksiyasi uy qurilishida ba’zi mahsulotlardan foydalanmaslikka chaqirdi.
Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasining Toshkent shahar bo‘limi tomonidan Toshkent shahri hududida metall mahsulotlarini import qilish va ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi «M.E.T» MCHJda (nomi o‘zgartirilgan) davlat nazorati tadbiri o‘tkazildi.
Nazorat jarayonida sinov va tashqi ko‘rik uchun tanlab olingan metall armatura mahsulotlari import qilinishi chog‘ida ularning «Metallurgiya mahsulotlari xavfsizligi bo‘yicha» texnik reglament talablari hamda amaldagi standartlarga nomuvofiq ekani aniqlandi.
Mutaxassislar tomonidan qayd etilishicha, aniqlangan kamchiliklar metall mahsulotda mo‘rtlashish (sinuvchanlikning oshishi), payvandlash jarayonida muammolar yuzaga kelishi, cho‘zilish qobiliyatining kamayishi hamda zilzilaga chidamlilikning pasayishi kabi salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Mazkur holat bilan «Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida» gi qonuni talablariga rioya etilmagani ma’lum bo‘ldi.
Aniqlangan huquqbuzarlik yuzasidan korxonaning mansabdor shaxsiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi, shuningdek, korxonaga moliyaviy jarima qo‘llash bo‘yicha hujjatlar tayyorlanib, belgilangan tartibda sud organlariga yuborildi.
Bundan tashqari, mazkur mahsulot realizasiyasini taqiqlash hamda aniqlangan qonunbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha korxonaga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
