NATO: Rossiyaning Ukrainadagi yo‘qotishlari mayda kuniga 1000 kishiga yetdi
NATO ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Federasiyasi Xarkiv viloyatida oldinga siljish paytida har kuni mingga yaqin askarlarini yo‘qotgan. G‘arb Ukraina Qurolli kuchlari uchun qurol ishlatish shartlarini qayta ko‘rib chiqqandan so‘ng, bu hududdagi hujum sekinlashdi.
Xarkiv viloyatiga hujum qilishga urinish paytida rus armiyasining yo‘qotishlari kuniga o‘rtacha ming kishini tashkil etgan. Bu raqamlarni 13 iyun, payshanba kuni Bryusselda Shimoliy Atlantika alyansi mudofaa vazirlari yig‘ilishi chog‘ida NATOning yuqori martabali amaldori ma’lum qildi.
Shu bilan birga, Rossiya har oyda 30 mingga yaqin odamni yollaydi, dedi u va buning natijasida rus qo‘shinlari inson resurslarini to‘ldirishga muvaffaq bo‘lganini ta’kidladi. Rasmiy Rossiyaning Xarkiv viloyatidagi hujumini qaytarish chog‘ida ukrainalik harbiylar yo‘qotishlari haqida xabar bermadi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya qo‘shinlarida katta muvaffaqiyatga erishish uchun yetarli resurslar va jihozlar yo‘q, biroq ular bu sohalarda Ukraina Qurolli kuchlariga nisbatan ustunligini saqlab qolyapti.
NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg ham Rossiyaning yo‘qotishlari haqida shunday baho berdi.
NATO Rossiyaning Xarkiv yaqinida muvaffaqiyat qozonishini kutmayapti
Ayni paytda, Pentagon rahbari Lloyd Ostin shu kuni NATO qarorgohida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ittifoqchilar Rossiya qo‘shinlarining Xarkiv viloyatida sezilarli muvaffaqiyatga erishishidan endi qo‘rqmasligini aytdi. Vashingtonning ta’kidlashicha, front bu qismida vaziyat o‘tgan haftalarga nisbatan barqarorlashgan, ukrainaliklar esa chiziqni ushlab, o‘z pozisiyalarini mustahkamlagan bir paytda Rossiya olg‘a siljishi sekinlashgan.
Alyans buni Ukraina Qurolli kuchlariga qurol yetkazib beruvchi qator davlatlar Ukraina armiyasiga ulardan Xarkiv yaqinidagi hujumni qaytarish uchun Rossiya hududida foydalanishga ruxsat bergani bilan izohladi.
