NATO 10 ta Saab GlobalEye samolyotini sotib oladi
NATO bosh kotibi Mark Ryutte alyansga a’zo bir nechta davlat 10 tagacha Saab GlobalEye havoda erta ogohlantirish va boshqaruv samolyotlarini birgalikda sotib olishga qaror qilganini ma’lum qildi.
Uning aytishicha, mazkur samolyotlar xizmat muddati yakunlanib borayotgan E-3 AWACS havoda erta ogohlantirish tizimlari o‘rnini bosadi.
«Bugun bir nechta ittifoqchi mamlakat mavjud havoda erta ogohlantirish va boshqaruv samolyotlarini almashtirish maqsadida 10 tagacha Saab GlobalEye samolyotini birgalikda sotib olishini e’lon qildi», — dedi Ryutte Anqarada o‘tkazilgan NATO Mudofaa sanoati forumida.
Uning ta’kidlashicha, E-3 AWACS samolyotlari o‘nlab yillar davomida NATOning Norvegiya shimolidan Turkiya janubigacha bo‘lgan hududida havo kuzatuvini ta’minlab kelgan, ammo ularning xizmat muddati yakuniga yetmoqda.
Mark Ryuttening so‘zlariga ko‘ra, Saab GlobalEye bir vaqtning o‘zida havo, dengiz va quruqlikdagi vaziyatni kuzatish, shuningdek, dronlar to‘dasi, ballistik va qanotli raketalar kabi murakkab tahdidlarni aniqlash va kuzatish imkoniyatiga ega. Shu bilan birga, bir qator NATO davlatlari milliy ehtiyojlar uchun havoda erta ogohlantirish imkoniyatlarini rivojlantirishga qaratilgan yangi ko‘pmillatli loyihani ham boshlamoqda.
