Namanganda fuqaro o‘z qarindoshini qasddan o‘ldirdi

Namanganda fuqaro o‘z qarindoshini qasddan o‘ldirdi

To‘raqo‘rg‘on tumanining «Sohibkor» mahallasida yashovchi Ismat Alinazarov (ism-shariflar o‘zgartirilgan) yoshligidan anchayin manman, kalondimog‘ bo‘lib ulg‘aydi. U o‘tgan yilning avgust oyi oxirlarida uyiga mehmon bo‘lib kelgan tog‘asiga qo‘l ko‘tardi.

Ismatning bu qilig‘i qarindosh-urug‘larini qattiq ranjitdi. Ko‘p­chilikning undan ko‘ngli qol­di. Aynan ana shu voqea sabab u 2021 yil 5 sentyabr kuni yana bir qarindoshi Botir Abdulhamidov bilan ham janjallashib qoldi.

Afsuski, bu janjalning oxiri fo­jiali yakun topdi.

Voqea tafsilotiga to‘xtaladigan bo‘lsak, o‘sha kuni I. Alinazarov do‘­konga borganida Botir unga kinoya­li so‘z qotadi:

— Tog‘asini urgan «polvon», ishlar qalay?

Tabiiyki, bu gap Ismatga yoq­may­di. Pirovardida ikkalasi musht­­lashib ketishadi. Lekin atrofdagilar ularni ajratib qo‘yishadi. Botir u bilan janjallashmaslik maqsadida uyiga kirib ketadi. Bi­roq I. Alinazarov uni telefon orqali haqorat qi­lib, so‘­kishda davom etadi. Qolaversa, o‘rtadagi ziddiyatga oydinlik kiritish maqsadida qa­rindoshini tu­manning «Olchin» ma­­hallasi markaziga chaqirtirib, bir necha marotaba qo‘ng‘iroq qiladi. Javob bo‘lmagach, SMS xabarlar yuboradi. Ammo B. Abdul­hamidov ke­yinchalik telefon apparatini o‘chirib qo‘yadi. Bu esa zo‘ravon yigitga juda alam qiladi. Na­­ti­jada u g‘azablanib, Botirning aka­si Bahrom Abdulhamidovga telefon qiladi. Ular o‘zaro bahslashib, orani ochiq qilish uchun tumanning ja­nubiy chegarasidan oqib o‘tuvchi Sirdaryo daryosi bo‘yida uchrashishga kelishadi.

Ertasi kuni Ismat uyidan chiqib ketayotgan vaqtida ukasi Javohir Alinazarov kechqurun bo‘lib o‘tgan voqea tafsilotini so‘raydi.

— Mayli, o‘tgan ishga salovat. Siz bormang, Bahrom aka va Botir bi­lan o‘zim gaplashaman, — deydi Ja­vohir.

Shuning uchun akasini uyda qoldirib, o‘zi Bahromning uyi tomon yo‘l oladi.

Manzilga yaqinlashganda Bahrom tog‘asi Azamat Ak­rom­aliyev bilan ko‘chada turganiga ko‘zi tushadi. J. Alinazarovga tog‘a-jiyan go‘yoki akasi Is­matni so‘roq-savol qi­lish uchun yig‘ilishgandek tuyuladi. Shu bois u akasiga qo‘ng‘iroq qi­­­lib, bu haqda xabar beradi. So‘ng­ra Bahrom va Azamatning yoniga boradi. Shu payt B. Abdulha­midov bor kuchi bilan J. Alinazarovning yuziga musht tushiradi. Oqi­batda u hushini yo‘qotib, yerga yiqiladi.

Ukasining qo‘ng‘irog‘idan keyin g‘azab otiga mingan I. Alinazarov oshxonada turgan o‘tkir pichoqni olib, kirakash mashinada Bahrom Abdulhamidovning oldiga jo‘­naydi.

Ismat yetib kelgach, ukasi Ja­vo­hirning yerda qimirlamay yot­ga­nini ko‘rib, «Ukamni o‘ldirib qo‘­yibdi» degan fikrga boradi. Shu bois mashina­dan tusha solib, kurakda turmaydigan so‘zlar bilan so‘kingancha Bahromga tashlanadi va yonidagi pi­choqni olib, uning ko‘krak qafasi va o‘ng yelka qismiga zarb bilan sanchadi. Og‘ir jarohat olgan B. Abdulhamidov vo­qea joyida vafot etadi. Pirovardida qotil shu kuniyoq qo‘l­ga olinib, unga nisbatan ji­noyat ishi qo‘z­g‘atildi. Tergov ja­­rayo­nida Ismatning xonadonidan sof vazni 3,22 grammga teng «Marixuana» giyohvandlik moddasi ham topiladi.

Shundan so‘ng har ikki jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha To‘ra­qo‘rg‘on tumani sudida ko‘rib chiqildi. Sud I. Alinazarovni Jinoyat kodeksining 97 (qasddan odam o‘ldirish) va 276-modda (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) lari 1-qismiga asosan aybdor deb topib, uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi ta­yinladi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, manmanlik va o‘jarlik kabi illatlar hamisha insonga pand berib, ayanchli qismatlarga giriftor etib kelgan.

Jahli chiqqanda o‘zi­ni bosolmaslik esa, bundan ham xavfliroqdir. Shu bois oila, mahalla va butun jamiyatimizda ana shunday illatlarga qarshi qat’iy kurashish zarur. Yuz bergan qotillik barchani hushyor torttirishi, ha­misha ogoh bo‘lishga undaydi. Zero, jinoyatchilikning oldini olishga barcha birdek mas’uldir.

Otabek SIDDIQOV,

jinoyat ishlari bo‘yicha

To‘raqo‘rg‘on tumani sudi raisi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!