Mutaxassis: Bolalardagi teri toshmalarining asosiy sababi oziq-ovqat allergiyasi bilan bog‘liq
📊 Tahlillarga ko‘ra, dunyoda har to‘rt boladan biri atopik dermatitdan aziyat chekadi. Chaqaloqlarda paydo bo‘ladigan teri toshmalarining 85 foizgacha qismi aynan ushbu kasallik belgisi.
▶️ Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Ilmira Razikova shu kasallik sabablari, alomatlari, tashxislash va davolash usullari haqida ma’lumot berdi.
🔎 — Atopik dermatit – nasl suruvchi xastalik, — deydi mutaxassis. — Agar ota yoki ona xuddi shunday patologiyadan aziyat cheksa, uning bolada namoyon bo‘lish ehtimoli 30-40 foizga teng. Xastalik ota-onaning har ikkisida ham bo‘lsa, xavf ko‘rsatkichi 70-75 foizga oshadi.
👶🏻 Chaqaloqlarda ushbu patologiya odatda 2-3 oyligidan rivojlanadi va 3-4 yil ichida yo‘qolib ketadi. Ba’zi hollarda esa toshmalar umr bo‘yi saqlanib qolishi ham mumkin.
‼️ Atopik dermatit teri kasalligi emas, balki bola ichki organizmi faoliyatidagi buzilishlar belgisidir. Xastalikning asosiy sababi oziq-ovqat allergiyasi bilan bog‘liq. Bundan tashqari, nafas yo‘llari orqali tanaga kirgan allergenlar ham toshmalarni paydo qiladi.
🩺 Qichishish — kasallikning asosiy belgisi. U uyquga va bemor bolaning kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, asabiylik hamda jizzakilikni keltirib chiqaradi.
🔬 Toshmalar kasallik darajasiga qarab turli ko‘rinishda bo‘lishi mumkin. O‘tkir bosqichda ular yorqin qizil rangga kirib, yallig‘lanish joyiga qon to‘planishi tufayli mayda shishlar hosil bo‘ladi.
✅ Xastalikning yengil va o‘rta bosqichlarida esa toshmalar och qizg‘ish tusda namoyon bo‘ladi. Ular quruq bo‘lishi hisobiga tez to‘kilib tushadi. Toshmalarning ko‘payishi esa aksariyat hollarda terining kiyimga ishqalanishi oqibatida yuz beradi.
📌 Bunday yara-chaqalar chaqaloqlarda asosan bosh, bo‘yin va ko‘krak sohalarida, bolalar va o‘smirlarda esa tirsak va tizza orqasida hamda boshqa tana a’zolarida ko‘p uchraydi.
👫 Yosh bolalardagi atopik dermatit, odatda, bir qator allergik kasalliklar, shu jumladan, oziq-ovqat sezgirligi, rinit va astmaning ilk alomati sifatida namoyon bo‘lishi mumkin.
💉 Atopik dermatitni samarali davolash uchun, avvalo, to‘g‘ri tashxis zarur. Ammo tibbiy amaliyotda ba’zan buning aksi uchraydi. Bunday vaziyatda qo‘llaniladigan tibbiy muolajalar og‘ir asoratlarni keltirib chiqarishi ma’lum.
📌 Qolaversa, o‘zboshimchalik bilan, shifokor tavsiyasisiz turli dori-darmonlarni qo‘llash ham, afsuski, uchrab turadi. Oqibatda bemor tezroq sog‘ayish o‘rniga, ahvoli yanada og‘irlashib, hayoti xavf ostida qolishi mumkin. (https://telegra.ph/file/ffcd8457593f3bb10705f.png)