Muqobil energetika ko‘plab muammolarga yechim bo‘la oladi

Jamiyat va iqtisodiyot rivojlanishi bir joyda to‘xtab turmaydi. Rivojlanish va iqtisodiy o‘sish energiyaga bo‘lgan ehtiyojning ortishiga olib keladi.
Shu bois an’anaviy energiya manbalari zaxiralarining kamayib borishi sharoitida qayta tiklanuvchi energiya manbalarining inson hayoti va faoliyatidagi ahamiyati, dolzarbligi ortib bormoqda.
Mamlakatimiz aholisini sifatli va uzluksiz energiya bilan ta’minlashda aynan ushbu yo‘nalishda jalb qilinayotgan investisiyaviy loyihalar soni tobora ko‘paymoqda. Xususan, yashil energetikani yanada rivojlantirish maqsadida 9 milliard AQSh dollarilik investisiya bitimlari imzolandi.
Oxirgi 4-5 yilda jami quvvati 7 ming 47 megavattga teng bo‘lgan quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikda 21 ta bitim hamda jami quvvati 2 ming 30 megavatt bo‘lgan 5 ta o‘z ehtiyoji uchun ishlab chiqarilgan elektr energiyasini transportirovka qilish shartnomasi tuzildi.
Ushbu loyihalarning ro‘yobga chiqarilishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan bir qator qarorlar imzolandi. Ushbu loyihalarning barchasi xorijiy kompaniyalar tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investisiyalar hisobiga bajariladi.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasi endi-endi rivojlanmoqda. Kelajakda uning samaradorligini oshirish, ekologik jihatdan xavfsizligini ta’minlash uchun katta miqdorda sarf-xarajatlar talab etiladi.
Aytish joizki, bugungi kunda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishning asosiy muammolaridan biri — olingan energiyani saqlash va uzatishdir. Ushbu masalalarga yechim topish, yashil energetikani rivojlantirish, sohaga innovasiyalarni joriy etishda investisiyalarga tayanish maqsadga muvofiq.
O‘zbekistonda yashil energetika, ya’ni quyosh va shamol elektr stansiyalari istiqbollari uchun faol ravishda investisiyalar jalb qilinishi, davlat byudjetidan moliyalashtirish ishlari natijasida nisbatan arzon va ekologiyaga zararsiz qo‘shimcha energiya manbalari yaratiladi.
Buning natijasida energiya iste’molidagi umumiy yuklamaning asta-sekin muqobil energiya manbalari hisobiga normallashib borishiga erishiladi. Muqobil energiya manbalari sohadagi aksariyat muammolarga yechim bo‘la oladi. Lekin uni iste’molchilarga yetkazish uchun ham mukammal va eskirmagan infratuzilma kerak.
Navro‘zbek YUSUPOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati