Muqaddam 6 yilga ozodlikdan mahrum qilingan soliqchi 8 yildan so‘ng oqlandi
Hazorasplik Barkamol Xudoyberganovning ko‘nglini o‘rtayotgan pushaymonlikning adog‘i yo‘q edi. Ich-ichidan kuyinadi, o‘zini-o‘zi koyishdan tinmaydi. U so‘nggi bir yarim yildan ko‘proq vaqt mobaynida, chindan ham, ana shunday og‘ir hissiyotlar girdobida yashadi. Bunisi kamlik qilganday, xorijiy korxona bilan qonuniy asoslarda tuzilgan mehnat shartnomasi asosida halol ishlab, oilasi yukini yengillatish va shu asnoda uy-joyli bo‘lishga qaratilgan niyati ham ora yo‘lda qoldi.
Nihoyat, 2024 yilning 8 iyul kuni o‘zini qiynab kelayotgan bu iztiroblardan xalos bo‘ldi. Aniqrog‘i, shu kuni Xorazm viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassasiya bosqich sudi adolatni tikladi. 2022 yilda video tasvirchilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi B. Xudoyberganovning hayotida ro‘y bergan ko‘ngilsizlik shu tariqa barham topdi.
O‘sha kuni B. Xudoyberganov Hazorasp tumani markazidagi “Nur” to‘yxonasiga ancha barvaqt keldi. O‘ziga qarashli tasvirga oluvchi vositalar, shuningdek, videokamera bilan jihozlangan o‘zi uchuvchi uskunani sozlagancha to‘y marosimini suratga olishga kirishdi. Ammo uning bu ishi uzoqqa cho‘zilmadi. To‘y hali tugamasdan nazoratchilar unga uchuvchisiz boshqariladigan uskunalardan foydalanish amaldagi qonunlarga binoan man etilganligini tushuntirishdi. Pirovardida esa, aniqlangan holat yuzasidan dalolatnoma tuzildi va ish tergovga oshirildi. B. Xudoyberganov Jinoyat kodeksining 244-4-moddasi 1-qismi bo‘yicha o‘ziga qo‘yilgan aybni rad etmadi. Xitoy davlatida ishlab chiqarilgan bir dona “Dji RC231” rusumli uchuvchisiz boshqariladigan apparat va uning butlovchi qismini 2016 yilning sentyabr oyidan 2022 yil 7 noyabr kunigacha qonunga zid ravishda saqlab kelganini ochiq tan oldi. Albatta, sud va tergov jarayonida ushbu iqrorlik e’tiborga olindi. B. Xudoyberganovga nisbatan Jinoyat kodeksining yengilroq jazo tayinlashni nazarda tutuvchi 57-moddasini qo‘llash maqsadga muvofiq, deb topildi. Sudlanuvchiga 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Ta’kidlash kerakki, mamlakatimiz qonunchiligi izchillik bilan takomillashtirilib borilmoqda. Jazo choralari mutassil ravishda yengillashtirilmoqda. Bu B. Xudoyberganov sud tomonidan tayinlangan jazoni o‘tayotgan paytda ham namoyon bo‘ldi. 2024 yil 15 martda qabul qilingan “Ayrim toifadagi jinoiy qilmishlar uchun javobgarlik liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunga asosan Jinoyat kodeksining B. Xudoyberganovga nisbatan qo‘llanilgan 244-4-moddasidagi jinoiy jazo chorasi bekor qilindi. Mahkumning harakati jinoiy qilmishdan xoli ekanligi e’tirof etildi.
Jazolangan shaxsni oqlash uchun ana shu e’tirofning o‘zi kifoya. Bunga prokuratura organi e’tibor qaratdi. Mazkur organ tarafidan kassasiya tartibida sudga yo‘llangan protestda mahkumning harakatida jinoyat tarkibi yo‘q ekanligi qayd etildi. Shu munosabat bilan B. Xudoyberganovga nisbatan 2 yil muddatga ozodlikni cheklash yuzasidan jinoyat ishlari bo‘yicha Hazorasp tuman sudi tomonidan 2023 yil 24 yanvarda chiqarilgan hukmni bekor qilish va uni Jinoyat-prosessual kodeksining shaxsni reablitasiya qilishga doir 83-moddasi 2-bandiga asosan oqlash so‘raldi. Ayni shu mazmundagi talab mahkum tarafidan kassasiya tartibida sudga yo‘llangan shikoyatda ham o‘z ifodasini topdi.
Xorazm viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha kassasiya hay’ati ana shu talablar asosida Jinoyat kodeksining 244-4-moddasiga kiritilgan o‘zgartishning mazmun-mohiyatini alohida o‘rgandi. Mazkur o‘zgartishga muvofiq jinoiy javobgarlik holati ma’muriy ta’sir chorasi qo‘llanilganidan so‘ng kelib chiqadi. Unga muvofiq, shaxsning uchuvchisiz boshqariladigan apparatdan foydalanishga qaratilgan harakatini ma’muriy qoidabuzarlik sifatida baholash kerak. Biroq qonunda uni qo‘llashning boshqa choralari ham nazarda tutilgan. Ya’ni Jinoyat kodeksining 13-moddasi 2-qismiga ko‘ra, qilmishning jinoiyligini bekor qiladigan, jazoni yengillashtiradigan yoki shaxsning ahvolini boshqacha tarzda yaxshilaydigan qonun orqaga qaytish kuchiga ega. Binobarin, yuqorida qayd etilgan qonun kuchga kirgunga qadar tegishli jinoiy qilmish sodir etgan shaxslarga, shu jumladan, jazoni o‘tayotgan yoki o‘tab bo‘lgan shaxslarga nisbatan, agar ular hali sudlangan hisoblansalar, kodeksning yuqoridagi talabi tatbiq etiladi. Qonunda, shuningdek, ma’muriy jazoni qo‘llash muddatlari ham qayd etilgan. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 36-moddasida belgilanishicha, ma’muriy jazo qo‘llashning bir yillik muddati o‘tgan taqdirda, shaxsni ushbu turdagi huquqbuzarlik bo‘yicha javobgarlikka tortish masalasi muhokama qilinmasligi mumkin.
Sud kodeksning ushbu talabi asosida B. Xudoyberganovni ma’muriy javobgarlika tortish masalasini muhokama qilmaslikni lozim topdi.
Jinoyat-prosessual kodeksining 492-moddasi ham insoniy bag‘rikenglik namunasidir. Unga ko‘ra, “Qilmishning jinoiyligini bekor qiladigan qonun kuchga kirsa, sud hukmga zarur o‘zgartirishlar kiritadi yoki uni bekor qilib, ish yuritishni tugatadi”. Kassasiya hay’ati sudi ushbu qoidaga asosan, jinoyat ishlari bo‘yicha Hazorasp tuman sudining 2023 yil 24 yanvarda B. Xudoyberganovga nisbatan chiqargan hukmini bekor qildi. Shu yuzadan olib borilgan jinoyat ishi tugatildi. Kassasiya protesti va sudlangan shaxsning shikoyati qanoatlantirildi. Bu yurtimizda qaror topgan adolat va qonuniylikning haqiqiy namunasi bo‘ldi.
Ayni shu kunlarda insoniy bag‘rikenglikning bunday namunasidan bahramand bo‘lganlarning soni yana bir kishiga ortdi. 1975 yili Gurlan tumanida tug‘ilgan va viloyat soliq boshqaramasida mas’ul lavozimda faoliyat yuritgan To‘rabek Gulmonovni 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish to‘g‘risida 2016 yil 21 dekabrda dastlabki bosqich sudi tomonidan chiqarilgan hukm, ushbu jazoni qisqartirish yuzasidan kassasiya bosqichi sudining ajrimi hamda jazoni o‘z kuchida qoldirish haqida 2021 yil 16 iyunda Oliy sud jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining ajrimi Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassasiya instansiyasining 2023 yil 17 sentyabrdagi ajrimiga muvofiq bekor qilindi. Ish dastlabki bosqich sudida appelyasiya tartibida ko‘rib chiqish uchun Xorazm viloyat sudiga yuborildi.
Ishning haqiqiy holati ana shu jarayonda oydinlashdi. Masalaning mohiyati va jinoyat ishi tafsilotlari tubdan o‘zgardi. Sudga yangidan va asosli fakt hamda dalillar asosida taqdim qilingan hujjatlar Jinoyat kodeksining firibgarlik, qasddan bankrotlikka olib kelish, soliqdan bo‘yin tovlash, savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish, faoliyat bilan lisenziyasiz shug‘ullanish, hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilishga taalluqli 168, 28-181-1, 184, 189, 190, 205-moddalari tegishli qism hamda bandlari bo‘yicha 8 yil muqaddam T. Gulmonovga taqalgan ayblar asossiz ekanligini ko‘rsatdi.
Sudlarda muhokama etilgan holatlarga qaraganda, T. Gulmonov soliq idorasidagi mas’ul lavozimidan g‘arazli maqsadlarda foydalangan.
Xususan, davlat idorasidagi ish faoliyati davomida yaqin qarindoshlariga tegishli bo‘lgan turli xususiy firmalar va jamiyatlarga rahnamolik qilib, o‘zining maslahat va yo‘l-yo‘riqlari bilan ularga yaqindan yordam ko‘rsatgan. Soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni hujjatlar hamda hisobotlarda aks ettirmaslik yo‘llarini o‘rgatgan. Shu tariqa to‘lovdan bo‘yin tovlash orqali ko‘proq daromad olish, noqonuniy boylik orttirishga ko‘maklashgan. Shu asnoda 15 dan ko‘p holatda jinoiy qilmishlarni sodir etgan.
Apellyasiya bosqichi sudi dastlabki sud va tergov jarayonida mahkumga nisbatan qo‘yilgan ushbu ayblarni har tomonlama va ishonchli manbalarga tayangan holda tekshirdi. Fakt va dalillarning maqbulligi yuzasidan Oliy sud Plenumining 2018 yil 24 avgustdagi 24-sonli qarori talablariga tayandi. Jinoyat ishini dastlabki bosqich sudida ko‘rish paytida yo‘l qo‘yilgan jiddiy xato va kamchiliklar ana shu jarayonda aniqlandi. T. Gulmonovga oid sud hukmi ob’ektiv dalillar bilan asoslantirilmagani, ayblanuvchining vajlari, e’tirozlari qo‘shimcha ma’lumotlarni to‘plash orqali to‘liq tekshirilmagani, sudlanganlar hamda guvohlarning ko‘rsatmalariga yetarlicha e’tibor berilmagani, jinoyat sodir qilinganligini tasdiqlovchi inkor qilib bo‘lmaydigan, ishonarli va asosli dalillar to‘planmagani, qo‘yilgan ayblar qoidaga muvofiq zaruriy audio yoki videoyozuvlar, telefon yoki boshqa moslamalar orqali amalga oshirilgan so‘zlashuvlar, ayblanuvchining qilmishini fosh etuvchi ma’lumotlar bilan isbotlanmagani, sudlov va tergov tadbirlari taxmin va farazlarga asoslangan holda olib borilgani, Jinoyat-prosessual kodeksida belgilangan va barcha tergov organlari uchun yagona hamda majburiy sanalgan haqiqatni aniqlashga yetarlicha e’tibor berilmagani, aybsizlik prezumpsiyasi talablari buzilgani ma’lum bo‘ldi. Bundan tashqari apellyasiya sudida ko‘pgina guvoh va jabrlanuvchilar o‘shanda o‘zlariga nisbatan bosim o‘tkazilgani, hatto yolg‘on tarzda guvohlik berishga majburlashganini ta’kidlashdi.
Jumladan, qurilish ashyolarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor D. Erniyozovning guvohlik berishicha, T. Gulmonov o‘zi xarid qilgan 600 ming so‘mlik mahsulotni, jinoyat ishi hujjatlarida qayd qilinganidek, tekinga olib ketmagan. Mahsulot uchun so‘ralgan pulni to‘lagan. Boshqa bir guvoh, Gurlan tuman soliq idorasida bo‘lim boshlig‘i vazifasida ishlovchi A. Masharipovning aytishicha, T. Gulmonovga nisbatan o‘z qarindoshiga qarashli xususiy firmaning 587,1 million so‘m hajmidagi soliq qarzi–moliyaviy jarimani yashirishga ko‘maklashganlik bo‘yicha qo‘yilgan ayb haqiqatga mos kelmaydi. Ma’lum bo‘lishicha, A. Masharipov rahbariyatning topshirig‘i bo‘yicha ana shu firmada o‘tkazilgan hujjatli tekshirish tadbirida shaxsan qatnashgan. Ammo unda yuqori lavozimda ishlovchi T. Gulmonovning aralashuviga guvoh bo‘lmagan.
Apellyasiya sudi boshqa barcha guvohlar: I. Hayitboyev, SH. Hayitmatov, M. Madrahimov, F. O‘rinov, I. Tangriberganov, M. Yusupov, G‘. Eshchonov, Q. Yangiboyev, K. Bobojonov, X. Pirmatovlarning ayni shu mazmundagi bayonotlarini ham tingladi. T. Gulmonovning aybsiz ekani shu asnoda ravshan tortdi.
Sud Jinoyat kodeksining yuqorida zikr etilgan moddalari bo‘yicha yuklatilgan barcha ayblarni T. Gulmonovning zimmasidan soqit qildi.
Mahkum to‘la oqlandi. Ayni paytda reablitasiyaga doir huquqlari ham tiklandi. Shu vajdan o‘ziga yetkazilgan mulkiy, ma’naviy va boshqa zararlarni qoplash yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilish huquqi tushuntirildi.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, mamlakatimiz sud-huquq tizimida kechayotgan keng ko‘lamli islohotlar inson qadrini ulug‘lash, adolatni yuzaga chiqarishga qaratilgan. Sudlarda nohaq ayblangan shaxslarning oqlanayotgani ana shu islohotlarning yorqin ifodasidir.
Shuhrat Razzoqov, Xorazm viloyati sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi