Mulkdorning kelini uy sotilishiga qarshi bo‘lsa qanday yo‘l tutish kerak?

Mulkdorning kelini uy sotilishiga qarshi bo‘lsa qanday yo‘l tutish kerak?

— «Dom»ni sotib, kichkinagina hovli olish uchun “zaklad” berib qo‘ygandik. Keyin bilsak, uy egasining o‘g‘li xotini bilan ajrashayotgan ekan. Kelin «propiska»dan chiqarishga haqqingiz yo‘q, uy olib bermasangiz, chiqmayman», deb shart qo‘yibdi. Biz erta-indin pulning qolganini ham berib, uyni nomimizga rasmiylashtirmoqchi edik. Agar uy egasining kelini uy sotilishiga qarshi bo‘lsa, biz nima qilamiz? Keyin ham “chiqmayman”, deb turib olsa-chi?
Ismi sir tutildi.

Zulfiya NURALIYEVA, fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudi sudyasi:
— Konstitusiyaga muvofiq O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar.
Har bir shaxsga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish huquqi kafolatlanadi.
Fuqarolik kodeksining 164-moddasiga asosan, mulk huquqi shaxsning o‘ziga qarashli mol-mulkka o‘z xohishi bilan va o‘z manfaatlarini ko‘zlab egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish, shuningdek o‘zining mulk huquqini, kim tomonidan bo‘lmasin, har qanday buzishni bartaraf etishni talab qilish huquqidan iboratdir. Mulk huquqi muddatsizdir.
Fuqarolik kodeksining 5-moddasiga asosan, qonun hujjatlari yoki taraflarning kelishuvi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tartibga solinmagan hollarda fuqarolik qonun hujjatlarining o‘xshash munosabatlarni tartibga soluvchi normasi qo‘llaniladi (qonun o‘xshashligi).
Ko‘rsatib o‘tilgan hollarda qonun o‘xshashligidan foydalanish mumkin bo‘lmasa, taraflarning huquq va burchlari fuqarolik qonun hujjatlarining umumiy negizlari va mazmuni (huquq o‘xshashligi)ga hamda halollik, oqillik va adolat talablariga amal qilgan holda belgilanadi.
Uy-joy kodeksining 52-moddasiga ko‘ra, munisipal, idoraviy uy-joy fondi va aniq maqsadli kommunal uy-joy fondining uylaridagi turar joyni ijaraga oluvchi, uning oila a’zolari yoki ijaraga oluvchi bilan doimiy yashayotgan fuqarolar vaqtincha bo‘lmaganida turar joy olti oy muddat davomida ularning hisobida saqlanib turadi.
Sud javobgar (kelin) nizoli uyda olti oydan ortiq yashamaslik holatini sud majlisida so‘ralgan guvohlarning ko‘rsatmalaridan tashqari, ishga taqdim qilingan mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan tasdiqlangan dalolatnoma bilan va ishda to‘plangan boshqa hujjatlar bilan ham tanishib, va ushbu xolat o‘z tasdig‘ini to‘liq topgan bo‘lishi kerak.
Qayd etilgan holatlardan kelib chiqib, sud javobgar ya’ni kelin nizoli xonadonda yashamasligiga, uyni kommunal va boshqa to‘lovlarini to‘lashda ishtirok etmasligiga, uyning mulkdori boshqa inson ekanligiga, nizoli xonadon er-xotinning turmush davrida orttirilgan umumiy mulki emasligiga yoki kelin uy-joyning hususiylashtirilishida ishtirok etmaganligiga (ko‘p qavatli uylardagi xonadonga tegishli) huquqiy baho berib, javobgarni uy-joydan foydalanish huquqini yo‘qotgan deb topishni maqsadga muvofiq deb xisoblashi mumkin.
Fuqarolik kodeksining 488-moddasiga asosan, sotuvchi sotib olganidan keyin qonunga muvofiq uy-joy binosidan foydalanish huquqini o‘zida saqlab qoladigan shaxslar yashab turgan uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini sotish shartnomasining muhim sharti – bu shaxslarning ro‘yxatini sotilayotgan uy-joy binosidan foydalanish huquqlari ko‘rsatilgan holda tuzishdan iboratdir. Uy, kvartirani, uyning yoki kvartiraning bir qismini sotish shartnomasi notarial tartibda tasdiqlanishi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim.
Oliy sudi Plenumining 2001 yil 14-sentyabrdagi “Uy-joy nizolari bo‘yicha sud amaliyoti haqida”gi 22-sonli qarori 5-bandining 6-qismiga ko‘ra, notarial tartibda tuzilgan uy-joy shartnomasida sotuvchi va uning oila-a’zolarining turar-joy ro‘yxatidan chiqib ketish muddati ko‘rsatilgan bo‘lsa, shu muddat tugagan kundan, muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa shartnoma tuzilgan kundan e’tiboran ular turar joydan foydalanish huquqini yo‘qotgan deb hisoblanadi.

FPKning 54-moddasiga ko‘ra, fuqarolarni belgilangan muddatdan ortiq bo‘lmaganlari oqibatida munisipal, idoraviy uy-joy fondi va aniq maqsadli kommunal uy-joy fondining uylaridagi turar joydan foydalanish huquqini yo‘qotgan deb topish ijaraga beruvchining yoki ushbu turar joyda yashab qolgan boshqa doimiy foydalanuvchilarning da’vo arizasiga binoan sud tartibida amalga oshiriladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!