Mujtabo Xomanaiy AQSh va Isroil bilan mojaro tugamaguncha omma oldida ko‘rinmaydi
Eron Oliy rahbari Mujtabo Xomanaiy AQSh va Isroil bilan mojaro hal etilmaguncha omma oldida ko‘rinmaydi. Bu haqda TASS Erondagi manbasiga tayanib xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, mamlakat rahbariyati vaziyat barqarorlashishini kutmoqda va shundan keyin Mujtabo Xomanaiy jamoatchilik oldida namoyon bo‘ladi.
Shuningdek, manba uning birinchi xalqaro muloqoti Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali suhbat yoki uchrashuv shaklida bo‘lishi mumkinligini aytgan.
Mujtabo Xomanaiy joriy yil mart oyida Eronning Oliy rahbari etib saylangan. Uning otasi Ali Xomanaiy avval mazkur lavozimni egallagan, ammo 28 fevral kuni AQSh va Isroil hujumi oqibatida halok bo‘lgani xabar qilingan.
12 mart kuni Mujtabo Xomanaiy o‘zining ilk murojaatini e’lon qilgan. U televideniye va internet nashrlarida matn ko‘rinishida tarqatilgan bo‘lib, u shaxsan efirda ishtirok etmagan.
Xorijiy ommaviy axborot vositalari Mujtabo Xomanaiyning sog‘lig‘i og‘ir ahvolda ekanini ma’lum qilgan edi. Eron rasmiylari esa u AQSh hujumi vaqtida jarohat olganini tasdiqlagan, biroq jarohati yengil ekanini bildirgan.
