Muhabbat o‘zi nima?
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ozod qilgan qullari Savbon roziyallohu anhu Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamni qattiq yaxshi ko‘rar, firoqlariga sabr qila olmas edi. Bir kuni Savbon roziyallohu anhu Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga yuzlari qizargan va titragan holda kirib keldi. U zot Savbon roziyallohu anhuning bu holatini ko‘rib sababini so‘radilar. Shunda Savbon roziyallohu anhu: «Betob emasman. Ammo ozgina vaqt sizni ko‘rmay qolsam dahshatga tushayapman. Mana hozirgina oxiratni esladim. Shubha yo‘qki, siz jannatda Payg‘ambarlar bilan bo‘lasiz. Men garchi Alloh rahmat qilib jannatga kirsam ham siz bilan bo‘la olmayman. Chunki, sizning manzilingiz baland. Agar jannatga kira olmaydigan bo‘lsam, keyin sizni hech qachon ko‘ra olmayman. Oxiratdagi holim ne kechishini o‘ylab titrab ketayapman», dedi. Shunda ushbu oyat nozil bo‘ldi: «Kim Allohga va Rasulga itoat qilsa, bas, ana o‘shalar Alloh ne’mat bergan nabiylar, siddiqlar, shahidlar va solihlar bilan birgadirlar. Va ularning rafiqlari qanday ham yaxshi!». ( Niso, 69).
Darhaqiqat, Rosululloh sollallohu alayhi vasallam darajalariga hech kim yeta olmaydi. Lekin rahmati keng, afvi ulug‘ Zot suyukli Rasuliga ilhom berdi. Allohning habib Rasuli esa bu hushxabarni ummatlarga yetkazdi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir a’robiy Payg‘ambarimiz huzurlariga kelib so‘radi: « Qiyomat qachon bo‘ladi?» « U kun uchun nima hozirlading», dedilar Rasuli akram. «Alloh va Rasuliga muhabbat» deya javob berdi a’robiy. Shunda Rasululoh: «Jannatda ham yaxshi ko‘rganlaring bilan birga bo‘lasan», dedilar . (Muttafaqun alayh)
Demak, ayni muhabbat tufayli biz Alloh Taoloning diydoriga, payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom bilan birga abadiy birga bo‘lish saodatiga erishamiz. Shunday ekan savol tug‘iladi: «Muhabbat qanday hosil bo‘ladi, qanday kuchayadi?..»
Keling mazkur hadisga yana murojaat qilaylik. A’robiy Allohning Rasulidan qiyomatning vaqtini so‘radi. Rasululoh sollallohu alayhi vasallam ajib bir hikmat bilan bizga ibrat bo‘ladigan tarzda so‘rovchining e’tiborini so‘ralayotgan narsadan muhimroq ishga qaratdilar.
Darvoqe, ko‘p ma’lumotlar to‘plab, ko‘p bilgandan ko‘ra, oz bilib, ko‘p amal qilgan foydaliroq. Shuning uchun ham Allohning Rasuli ummatga behuda so‘zni unuttirdilar. Xayr amalga rag‘bat uyg‘otdilar. Zero, haqiqiy muhabbat amalda zohir bo‘ladi, amalda sinaladi. Amal bilan kuchayadi.
Bugun biz Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam haqlarida o‘qiyapmiz. Tarixlarini o‘rganayapmiz. Siyratlari bilan tanishayapmiz. Har kuni bilganlarimizga nedir qo‘shiladi, bilimimiz oshadi. Da’volarimiz ham shunga yarasha. Faxr bor ammo fahm yo‘q. Aql joyida, afsuski xush yo‘q. Dunyoning bebaholigi-yu, chivinning qanoticha qadri yo‘qligi xususida soatlab majlis quramiz, Sahobalar holatini hayotidan hayratlanib, tonglar ottiramiz. Afsus, ertalab umrimizning eng g‘ayratga to‘la damlarini oxirat uchun emas, dunyo uchun musobaqalashib o‘tkazamiz. Eng kerakli vaqtda qani u biz o‘rgangan taqvo? Qani u biz bilgan g‘am? Nahotki barchasi yolg‘on?! Balki bugun qorin to‘q-u, ko‘zlar och. Noz-ne’matlar bisyor-u baraka yo‘q. Jamoat jam-u fayz kam bo‘lishi shundanmikin?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Allohga qasamki, meni ota-onangiz, farzandlaringiz va molu dunyolaringizdan yaxshiroq ko‘rmaguningizcha haqiqiy mo‘min bo‘la olmaysizlar».
Sahobalar haqiqiy mo‘’min bo‘lish ishtiyoqida muhabbatni namoyish qilish bilan emas, balki muhabbat bilan band edilar. Bunga misol ko‘p.
Uhud jangida «Muhammad o‘ldirildi» degan gap tarqaldi. Ba’zilar Madinaga qarab qochdi. Payg‘ambarini suygan ansoriya ayollar «Rasululloh qayerda?» deya u zotni qidira boshlashdi. Ular hatto «o‘g‘ling shahid bo‘ldi», «otang o‘ldi», «ering halok bo‘ldi» degan gaplariga e’tibor berishmadi. Payg‘ambarini izlashdi…
Payg‘ambar alayhissalom dunyodan o‘tganlaridan keyin bir ayol kelib Oisha roziyallohu anho onamizdan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qabrlarini ko‘rsatishlarini so‘radi. Oisha roziyallohu anho onamiz muborak qabrni ko‘rsatganlaridan keyin u ayol qabr yoniga borib qabrni o‘pgan holida jon taslim qildi.
Bilol Habashiy Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan keyin azon ayta olmadilar. «Ashhadu anna Muhammadar Rasululloh» deyishlari bilan hushlaridan ketaverdilar. Alloh va Rasuliga bo‘lgan muhabbat qalb siridir. Bu sir qancha ichkarida bo‘lsa, muhabbat shuncha bo‘ladi. Amallar bu sirni yashiradi. So‘zlar oshkor qiladi. Alloh uchun qilayotgan amalimizni o‘zi bilsa bas. Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday edilar. U zotga muhabbatimiz chin bo‘lsa, sunnatlari bilan yashab siyratlari bilan sifatlanaylik.
Shavkat MAMANAZAROV,
Oqoltin tumani “Hoji Shayxuddinxo‘ja”
jome masjidi imom-xatibi.
Manba: azon.uz
