Mo‘g‘uliston sobiq prezidenti rossiyaliklarga murojaat qildi

Mo‘g‘uliston sobiq prezidenti rossiyaliklarga murojaat qildi

Mo‘g‘uliston sobiq prezidenti Saxiagiyn Elbegdorj buryat va Rossiya hududida yashovchi boshqa milliy ozchilikni Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etmaslikka chaqirdi va uning davlatidan boshpana izlashni taklif qildi. Bu haqda u maxsus videomurojaat bilan chiqqan

Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, “ushbu qonli urush boshlanganidan buyon Rossiyadagi milliy ozchilik eng ko‘p jabrlandi. Buryatlar, tuvaliklar va qalmoqlar eng ko‘p aziyat chekdi. Ular to‘pga shunchaki yem qilib yuborildi. Yuzlab insonlar yaralandi, minglab halok bo‘ldi. Biz mo‘g‘ullar sizni quchoq ochib kutib olamiz”, – degan sobiq prezident.

U, shuningdek, ularni ukrainaliklarga qarshi o‘q uzmaslikka chaqirgan. Elbegdorj Vladimir Putinga ham murojaat qilib, Ukrainani uning ozodligini yo‘q qilmaslikni so‘ragan.

21 sentyabr kuni Rossiyada qisman harbiy safarbarlik e’lon qilindi. Bu bo‘yicha Putin tegishli qaror imzolagan. Qayd etilishicha, safarbarlikka birinchi navbatda harbiy xizmatni o‘tagan va jangovar tajribasi bor fuqarolar jalb qilinadi. Moskva bu orqali 300 ming kishini armiya saflariga chaqirmoqchi.

23 sentyabr kuni RF mudofaa vazirligi qator mutaxassislar, xususan, IT-mutaxassislar, aloqa operatorlari, OAV xodimlari safarbarlikka jalb etilmasligini ma’lum qilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!