“Mudofaa vaziri kubogi” o‘z egalariga topshirildi
Joriy yilning 25 may kunidan Mudofaa va Sportni rivojlantirish vazirliklari, Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida harbiy xizmatchilar va yoshlar o‘rtasida 30 iyun – “Yoshlar kuni” munosabati bilan “Milliy kurash” va “Tosh ko‘tarish” sport turlari bo‘yicha “Mudofaa vaziri kubogi” musobaqalariga start berilgan edi.Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti xabar berdi.
Bugunga qadar davom etgan mazkur musobaqalarda 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 400 mingga yaqin havaskor polvon ishtirok etdi.
Yoshlar o‘rtasida to‘rt bosqichda va to‘rt vazn toifasida o‘tkazilgan bellashuvlarning dastlabkisi 25 maydan - 12 iyungacha – mahallalarda, 13 iyundan - 19 iyungacha tuman va shahar bosqichlarida, 20 iyundan - 25 iyungacha esa viloyatlarda o‘tkazildi.
29 iyun kuni Mudofaa vazirligi sport markazida “Mudofaa vaziri kubogi” musobaqalarining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Unda shu kungacha kechgan bellashuvlarda mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritgan eng kuchli polvonlar ishtirok etdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, dastavval ikki sport turi bo‘yicha har bir vazn toifasida kuchli uchliklar aniqlanib, ularga tashkilotchilar tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar tantanali topshirildi.
Umumjamoa hisobida (yoshlar o‘rtasida):
- I o‘rin — Toshkent shahri;
- II o‘rin — Buxoro viloyati;
- III o‘rin — Sirdaryo viloyati.
Harbiy xizmatchilar o‘rtasida:
- I o‘rin — Mudofaa vazirligi;
- II o‘rin — Davlat xavfsizlik xizmati;
- III o‘rin — Ichki ishlar vazirligi.
Shunday qilib yoshlar o‘rtasida Toshkent shahri vakillari, harbiy xizmatchilar o‘rtasida mudofaa vazirligi vakillari mudofaa vaziri kubogini qo‘lga kiritdi.
Musobaqaning tantanali taqdirlash marosimida Mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov bevosita ishtirok etib, g‘oliblarga diplom, kubok va qimmatbaho sovg‘alarni topshirdi.





