Moldova davlat tili nomini rumin tiliga o‘zgartiradi

Moldova davlat tili nomini rumin tiliga o‘zgartiradi

Moldova parlamenti mamlakatning Konstitusiya matnida, barcha qonunlar va qonunosti hujjatlarida “moldovan tili” so‘zini “rumin tili” so‘ziga rasmiy ravishda o‘zgartirishni ma’qulladi. Bu haqda Moldova parlamenti Matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, kecha, 16 mart kuni hukmron “Harakat va birdamlik” partiyasi tashabbusi hisoblangan “Davlat tilini o‘zgartirish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi bo‘yicha ovoz berish bo‘lib o‘tgan. U ikkinchi va yakuniy o‘qishda qabul qilingan. Parlamentning 101 nafar deputatidan 58 nafari loyihani yoqlab ovoz bergan.

O‘zgartirishga ko‘ra, barcha qonun hujjatlaridagi “moldavan tili” iborasi “rumin tili” bilan almashtiriladi. Xuddi shu narsa “davlat”, “rasmiy” va “ona tili” so‘zlariga ham tegishli hisoblanadi. Eskirgan deb e’lon qilingan “Lotin yozuvi asosida qo‘llaniluvchi” matn Konstitusiyadan chiqarib tashlanadi.

Ma’lumot uchun, Moldova Mustaqillik Deklarasiyasida rumin tili davlat tili sifatida belgilangan. Shunga asoslanib, 2013 yilda Konstitusiyaviy sud buni rasmiy ravishda shunday bo‘lishi kerak, deb hisoblagan. Konstitusiyaga ko‘ra, lotin alifbosiga asoslangan va rumin tili bilan bir xil moldavan tili mamlakatda davlat tili hisoblanadi. Shu bilan birga, respublika maktab va universitetlarida rumin tili o‘qitilsa, tan olinmagan Dnestrbo‘yida kirill alifbosiga asoslangan moldavan tili amalda.

Moldavan va rumin tillari roman tillarining Bolqon-roman kichik guruhiga kiradi va ular o‘zaro o‘xshashdir. Ba’zi tilshunoslar “moldavan” va “rumin” tillarini bir tilning turli nomlari deb hisoblasa, ayrimlar moldavan tilini mustaqil Sharqiy roman tili deb ataydi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!