Meros qolgan uyni sotish uchun erdan rozilik so‘rash kerakmi?

Meros qolgan uyni sotish uchun erdan rozilik so‘rash kerakmi?

— Ma’lum sabablarga ko‘ra yashab turgan hovlimizning bir qismini sotmoqchiman. Uy otamdan menga meros qolgan. Erim «propiska» qilinmagan. Lekin shunday bo‘lsa-da, notariusda erimni roziligi so‘ralishi mumkinmi?
Dilobar, Toshkent shahri

Anvar Xamrayev, fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudi sudyasi:
— Oila kodeksining 23-moddasiga ko‘ra, er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari, shuningdek nikoh qayd etilgunga qadar, bo‘lajak er-xotinning umumiy mablag‘lari hisobiga olingan mol-mulklari, agar qonun yoki nikoh shartnomasida boshqacha hol ko‘rsatilmagan bo‘lsa, ularning birgalikdagi umumiy mulki hisoblanadi.
Mazkur kodeksning 25-moddasida er va xotinning nikohga qadar o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulki, shuningdek ulardan har birining nikoh davomida hadya, meros tariqasida yoki boshqa bepul bitimlar asosida olgan mol-mulki ulardan har birining o‘z mulki hisoblanadi.
Nikoh davomida er-xotinning umumiy mulki yoki ulardan har birining mol-mulki yoxud er va xotindan birining mehnati hisobiga mol-mulkning qiymati ancha oshishiga olib kelgan mablag‘lar (kapital ta’mirlash, qayta qurish, qayta jihozlash va boshqalar) qo‘shilgani aniqlansa, er yoki xotindan har birining mol-mulki ularning birgalikdagi mulki deb topilishi mumkin.
Er va xotin qonuniy turmush qurganidan keyin birgalikda orttirgan mol-mulkiga teng ulushda haqdor bo‘ladi. Ularning umumiy nikoh davomida orttirgan birgalikdagi mol-mulki bo‘lmasa, mulk ulardan biri tomonidan tasarruf etilganda ikkinchisining roziligi olinmaydi.
Shu o‘rinda qaysi holatlarda er yoki xotinning roziligi kerak emasligiga oydinlik kiritib o‘tsak: mulk nikohdan oldin sotib olingan bo‘lsa; er yoki xotin mulkni hadya tariqasida olgan bo‘lsa; mulki er yoki xotinga meros bo‘lib o‘tgan bo‘lsa; er yoki xotinga xonadon xususiylashtirilishi natijasida tegishli bo‘lgan bo‘lsa; nikoh shartnomasi asosida mulk faqat bir kishiga tegishli ekani yozilgan bo‘lsa.
Bunday holatda, otangizdan sizga meros bo‘lib qolgan uyga eringiz tomonidan mol-mulkning qiymati ancha oshishiga olib keladigan mablag‘ qo‘shilganligi aniqlanmasa, uy sizning o‘z mulkingiz hisoblanib, oldi-sotdi shartnomasining notarial tasdiqlanishida uning roziligi talab qilinmaydi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!