"Mendirman Jaloliddin" ssenariysi, aslida, kimga tegishli? Biznikilar nega jim?

Ushbu serial taqdimoti atrofidagi tafsilotlar "hovuri" hali bosilgani yo‘q. Bu o‘rinda "ochko" olish, "mening ulushim katta bo‘ldi, serialning dunyoga kelishiga men sababchi bo‘ldim" degan qahramonlar ko‘payib ketdi.
Hatto Komil Allamjonov ham kamtaringina bu "urho-ur"larga qo‘shildi. Negaki, tashabbus Prezidentdan chiqqan edi. Lekin sizga havola qiladiganimiz matnda kinoning dunyoga kelishida asosiy manba bo‘lib xizmat qilgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan asarning "xamirturishi" — ssenariysi haqida gap boradi.
Matn muallifiga ko‘ra, bu haqda unga hech kim hech narsa demagan. U yozgan ish turk noshirlari tomonidan kitob holida nashr qilingan. Lekin biznikilar jim.
Aslida serial ssenariysi kimga tegishli, haqiqiy mehnatni qilgan odam bir chetda qolib ketmayaptimi? Bu istiholali vaziyatga mas’ullar oydinlik kiritishsa, yaxshi bo‘lardi...
“Mendurman Jaloliddin” teleserialining birinchi qismi taqdimoti bo‘lib o‘tgandan so‘ng menga ayni shu serial borasida qo‘ng‘iroqlar, telegramm kanallarida so‘rovlar, turli ijtimoiy tarmoqlarning murojaatlari ko‘paydi. Bir-ikki oy oldin ushbu teleserial ssenariysi muallifi men ekanligim haqida ham rasmiy, ham norasmiy axborot vositalarida xabarlar tarqalgandi.
Ssenariy, voqealar, tarixiylik, badiiy to‘qima bilan turli savollar bilan murojaatlar bo‘ldi, birinchi qism taqdimotidan so‘ng esa serial muallifligini menga nisbat berish yanada kuchaydi. Ushbu serial haqida o‘zimda aniq ma’lumot bo‘lmagani uchun biror murojaat yoki savolga javob qilolganim yo‘q. Chunki bunga o‘zimning qaysi darajada haqli yoxud ma’naviy daxldor ekanim o‘zim uchun ham aniq emas. Shu sababli men serial haqidagi barcha murojaatlarga shu izohda bira to‘la javob berishni maqsad qildim.
Davlat rahbari tomonidan Jaloliddin Manguberdi haqida film olish tashabbusi ko‘tarilib, bu filmga prodyusserlik qilish “Mendurman Jaloliddin” qo‘shig‘i ijrochisi, prodyusseri Ozodbek Nazarbekovga yuklatilganidan, o‘ylaymanki, hammaning xabari bor. Ayni shu topshiriqdan kelib chiqib, “Ozbekkino” milliy agentligi O. Nazarbekov bilan birga bir nechta (bilganim yettita, bilmaganlarim ham bo‘lsa kerak) ssenariy yozdirildi. Ammo bu ssenariylarning birortasi “Ozbekkino” Badiiy Kengashidan o‘tmadi. Oqibatda agentlik rahbarlari F.Zokirov va SH. Rizayev prodyusser O.Nazarbekov bilan kelishgan holda 2018 yil boshida ssenariy yozishni menga topshirishdi.
Avvaldan bu sarkarda haqida roman yozish uchun material yig‘ganlarimdan kelib chiqib, qo‘shimcha o‘rganib, 2018 yil yoz boshida “Jaloliddin Manguberdi” nomli ssenariy yozib berdim. Ssenariy Badiiy Kengashdan o‘tdi. Kengash bayonnomasida ham bu o‘z aksini topgan.
Shu bilan filmni ishlab chiqarish boshlandi. Ishlab chiqarish uchun “Best organaizer” MCHJga dastlabki xarajatlar uchun mablag‘ ham tashlandi (summasi menga noma’lum). Shundan so‘ng “Ozbekkino” rahbariyati ham, prodyusser ham bu filmni qaysi rejissyor oladi, degan savolga javob topisha olmadi. Turli rejissyorlar muhokama qilindi. Ammo hali bu tarzdagi keng ko‘lamli tarixiy film olinmagani uchun sahnalashtiruvchi rejissyor borasida bir to‘xtamga kelinmadi.
Shu holatdan kelib chiqib, chetdan ham rejissyor izlana boshlandi. Bu borada turkiyaliklar bilan aloqa qilindi. Turkiya madaniyat vazirligi bu borada hamkorlikka tayyorligini bildirdi.
SH. Rizayev va O. Nazarbekov shu masalada Turkiyaga borishdi. O‘sha payti “Erto‘g‘rul” seriali bilan ancha tanilib qolgan Mahmud Bo‘zdag‘ nomi O‘zbekistonda mashhur bo‘lgani sababli turkiyaliklar bilan shu rejissyor masalasida to‘xtalindi.
M. Bo‘zdag‘ O‘zbekistonga keldi. O‘zaro fikr almashinuvlardan so‘ng M. Bo‘zdag‘ ushbu filmga rejissyorlik qiladigan bo‘ldi. Ammo Bo‘zdag‘ seriallar rejissyori sifatida tanilgani tufayli sarkarda haqida badiiy film emas, serial olish taklifini bildirdi. Bu taklif O. Nazarbekovga ma’qul keldi.
Men yozgan ssenariy Ozodbek Nazarbekov iltimosi bilan turkchaga tarjima qilindi, Bo‘zdag‘ga yuborildi. Shunday qilib, serial borasida ishlar boshlandi. Mening serial haqida bilganlarim shu yergacha. Bundan bu yog‘idan bexabarman.
To‘g‘risi, garchi, O.Nazarbekovning yordamchilari, men ssenariy taqdiri bilan qiziqqanimda, har gal “Sizning ssenaringiz asosida kengaytirilgan serial olinayapti” deyishgan bo‘lsa-da, menga bu borada hech kim rasman murojaat qilgan emas.
Vaholanki, “Ozbekkino” normativ hujjatlariga ko‘ra, film ishlab chiqarishga tushishi bilan dastavval muallif bilan shartnoma tuziladi va keyin boshqa harakatlar boshlanadi. Men bilan esa shu paytgacha ssenariy muallifi sifatida hatto shartnoma ham tuzilgan emas.
Ayni ssenariy borasida menga buyurtma qilib yozdirgan va shu ssenariy asosida dastlabki harakatlar boshlagan “Ozbekkino” rahbariyati ham menga aniq va asosli javob aytgan emas. Badiiy Kengashdan o‘tgan, film uchun asos bo‘lgan ssenariy muallifiga nisbatan bu xil munosabatda bo‘lish mualliflik huquqlarini mensimaslik, hatto behurmatlik yuz bergan bo‘lsa ham, buyuk ajdodimiz Jaloliddin Manguberdi hurmati uchun men bu borada, “suvni ko‘rmay, etik yechmaslik” tarafdori bo‘lib keldim.
Shundan kelib chiqib, men mazkur ( “Jaloliddin Manguberdi” bo‘lishi kerak edi. Men shunday nom berganman. Serialning hozirgi nomiga mening aloqam yo‘q) teleserial muallifligi deyarli barcha axborot vositalarida menga nisbat berilgani uchun bevosita yoki bilvosita qilingan savollarga, ijtimoiy tarmoqdagi ba’zan behurmatlarcha o‘rinli, o‘rinsiz murojaatlarga, mazaxomuz izohlarga o‘zim bilmaganim uchun, javob berolmayman, bu mas’uliyatni bo‘ynimga ololmayman.
Xullas, masala shundaki, men ayni serial muallifimanmi, yo‘qmi, bexabarman. Serial ishlab chiqaruvchilari yuqorida keltirgan holatlardan boshqa bu borada menga murojaat qilishmagan. Meni muallif sifatida qayd etishayotgan va keltirishayotgan, shu barobarida mening sha’nimga ham har xil munosabatlar qilayotgan turli axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlar muallif, umuman, serial borasida asossiz gaplar, tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikni, mavjud axborot olish, tarqatish qonuniga amal qilishlarini tavsiya qilaman.
Agentlikdan olgan ma’lumotlarimga ko‘ra, shu narsa ma’lumki, keyingi harakatlarda serial davlat mablag‘iga emas, homiylar yordamida olinadigan bo‘lgan. Mavjud qonunlarga ko‘ra, xususiy sutdiyalar ishlab chiqaradigan filmlar tadbirkorlik sanaladi, bu xil ishlab chiqarishga, garchi kino siyosatiga mas’ul davlat muassasi bo‘lsa ham, “Ozbekkino” milliy agentligi, mafkuraviy tomonidan boshqa jihatlariga aralashishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shundan kelib chiqib, serial borasida ma’lumotlarni agentlikdan ham, mendan ham emas, serial ishlab chiqarishga bevosita mas’ul bo‘lgan “Best organaizer” MCHJdan olish maqsadga muvofiq, deb o‘ylayman.
Jaloliddin Manguberdi boshqa barcha xalqlar uchun, jumladan, bizdan boshqa turkiy xalqlar uchun ham Chingiz bosqiniga qarshi kurashgan, uni bir necha bor mag‘lub qilgan mohir sarkarda, Xorazmshohlar saltanatini tiklashga, saqlab qolishga uringan sulton, xolos. Biz o‘zbeklar uchun esa u avvalo milliy qahramon. Milliy qahramon bo‘lishning o‘ziga xos yuki, mas’uliyati, shon-sharafi bor. Milliy qahramon obrazi millat va xalqning yurt, millat haqidagi qadriyatlarini, fazilatini, umuman, bugun o‘zbek millati suyanib turadigan ustunlarni o‘zida timsollashtiradi, millatda g‘urur va iftixor, vatan, millat tuyg‘usini paydo qiladi, uni tarixiy xotira bilan to‘yintiradi, milliy ruhni jipslashtiradi. Shunday ekan, “Mendurman Jaloliddin” serialiga ham ana shu holat va mas’uliyatdan kelib chiqib, fikr bildirgan, mulohaza qilingani ma’qul deb hisoblayman.
Bir narsani unutmaylik, Jaloliddin Manguberdi, muallif kim bo‘lishidan qat’i nazar, u hammamizdan ulug‘, chunki u o‘zida butun boshli xalq quvvati va qudratini, shon-shavkatini, sharafini, o‘zligini mujassam qiladi. Shu talabga javob bergan har qanday tashabbus, ssenariy, film hurmatga, ehtiromga sazovordir.
P/S: Men yozgan ssenariy turkiyalik noshirlarning taklifi bilan yaqinda Turkiyada turk tilida alohida kitob holida chop qilindi.
Nazar Eshonqul