Mashhur “Xamsa” asari tojik tiliga tarjima qilinadi

Mashhur “Xamsa” asari tojik tiliga tarjima qilinadi

Navoiy ijodining durdonasi “Xamsa” dostoni tojik tiliga tarjima qilinadi. Tojikistonda saqlanayotgan Navoiyning qo‘lyozma asarlari nusxalari esa O‘zbekistonga olib kelinadi.

Alisher Navoiy nomidagi Xalqaro jamoat fondi ijrochi direktori Olimjon Davlatov Sputnik O‘zbekiston muxbiriga ma’lum qilishicha, Navoiyning ijodiy merosi O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi aloqalarni yangi darajaga olib chiqadi.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi ilmiy aloqalar uzoq asrlarga borib taqaladi. Buni Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy o‘rtasida adabiy hamkorlik va ustoz-shogird munosabatlari yo‘lga qo‘yilganidan ham ko‘rish mumkin.

Ilm-fan tarixida birinchi navoiyshunos Abdurahmon Jomiy bo‘lsa, birinchi jomiyshunos Alisher Navoiy sanaladi. Bu an’ana bugungi kunga qadar davom etib kelmoqda.

Endilikda Navoiy asarlari ikki davlat o‘rtasida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda oltin ko‘prik bo‘ladi.

Xalqaro jamoat fondi ijrochi direktori Olimjon Davlatov Tojikistonda Navoiy asarlarini tarjima qilish va nashr ettirish ishlarini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Tojikiston elchisi, akademik Abdujabbor Rahmonzoda bilan uchrashdi.

Unda Alisher Navoiyning ijodiy merosini mamlakatda va Tojikistonda keng targ‘ib qilish borasida bir qator takliflar ilgari surildi.

“Tojikistonda Alisher Navoiyning qo‘lyozma asarlari bor. Biz ularning nusxalarini olib kelishni rejalashtirmoqdamiz. Prezidentning Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi qarorida Navoiy asarlarining yangi ilmiy nashrini yaratish vazifasi qo‘yilgan. Ayni shu vazifani amalga oshirish maqsadida boshqa davlatlarda saqlanayotgan qo‘lyozma nusxalari bilan tanishish zarurati bor”, deydi Olimjon Davlatov.

Fors-tojik adabiyotning juda ko‘plab namunalari o‘zbek tiliga tarjima qilingan.

“Ro‘dakiydan boshlab Sadriddin Ayniygacha tarjima qilingan. Eng ko‘p dunyo tillarida fors va tojik tili adabiyoti namunalarining eng ko‘p tarjima qilingani bu o‘zbek tili va adabiyoti hisoblanadi. Lekin, O‘zbek adabiyoti namunalarini tojik va fors tiliga tarjima qilish ko‘ngildagidek emas”, deydi Olimjon Davlatov.

O‘tgan yili fond tashabbusi bilan bundan 30 yil oldin tarjima qilingan lekin, nashr etilmagan Alisher Navoiyning “Layli va Majnun” dostonining tojik tilidagi tarjimasi ikki tilda nashr ettirildi.

Bundan 70 yillar oldin shoir va tarjimon Muxiddin Aminzoda tomonidan “Farxod va Shirin” dostonining qisqartirilgan varianti tarjima bo‘lgan. U o‘tgan yili Tojikistonning Xo‘jand shahrida o‘zbekistonlik olimlar ishtirokida nashr etildi. Lekin, shu kungacha “Saddi Iskandariy” ("Iskandar devori"), “Hayrat ul-abror” ("Yaxshilar hayrati"), “Sab’ayi sayyor” ("Etti sayyora") dostonlari tarjima qilinmagan.

“Bir vaqtlar Sovet davrida o‘zbek tilidan tojik tiliga tarjima qiluvchi maktab bo‘lar edi. Bu salohiyat Tojikistonda saqlanib qolgan. Ammo undan yaxshi foydanilmayapti”, deydi Olimjon Davlatov.

Olimjon Davlatov Abdujabbor Rahmonzodaga ushbu maktabda Navoiyning dostonlarini tojik tiliga tarjima qilish va kitoblarni Fond orqali nashr etish taklifini berdi.

Bu masala tojikistonlik shoirlar bilan ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.

Abdujabbor Rahmonzoda tomonidan shu yili O‘zbekiston va Tojikiston olimlari ishtirokida Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy va umuman Temuriylar davridagi adabiy aloqalar yuzasidan konferensiya o‘tkazish fikri ilgari surildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!