«Markaziy Osiyo ovozi»: 5 davlatning ekologiya sohasi yetakchilari COP28 yakunlarini sarhisob qildi

«Markaziy Osiyo ovozi»: 5 davlatning ekologiya sohasi yetakchilari COP28 yakunlarini sarhisob qildi



10 fevral kuni Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetining (“Green University”) majlislar zalida BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi ishtirokchilarining 28-konferensiyasidan keyingi Markaziy Osiyo davlatlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tadbir «Markaziy Osiyo iqlim o‘zgarishi bo‘yicha muzokaralar jarayonida: COP28 natijalari va COP29 uchun rejalar» mavzusiga bag‘ishlandi.

Yig‘ilishda Markaziy Osiyoning 5 davlatidan ekologiya sohasidagi davlat idoralari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus rahbarlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ilmiy doiralar vakillari, ekologiya faollari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirning ochilishida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov mamlakatimiz hukumati tomonidan sohaga katta e’tibor qaratilayotgani, buning natijasida ekologiya sohasi ham tubdan o‘zgarib borayotgani, shuningdek, har bir insonning ekologik huquqi yangi konstitusiyada mustahkamlanganligini ta’kidladi.

«O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan qator tashabbuslar ilgari surildi. Bu tashabbuslar iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi kurashish borasidagi qat’iy harakatlarni aks ettiradi, – dedi A.Abduhakimov. — Markaziy Osiyo mintaqasining iqlim o‘zgarishiga qo‘shgan hissasi 2 foizdan kam, ammo u salbiy oqibatlarga eng zaif mintaqalardan biri hisoblanadi. Bugun bizning maqsadimiz Markaziy Osiyo davlatlarining COP28da erishgan yutuqlari va xulosalarini muhokama qilish, shuningdek, COP29da ishtirok etish strategiyasini belgilashdir. Sa’y-harakatlarimizni muvofiqlashtirish zarur».

Oliy darajadagi tadbirning birinchi sessiyasi «Markaziy Osiyoda iqlim siyosatini shakllantirish» mavzusiga bag‘ishlandi. Unda Qozog‘iston Respublikasi Ekologiya va tabiat resurslari vaziri Yerlan Nisanboyev, Qirg‘iziston Respublikasi tabiat resurslari, ekologiya va texnik nazorat vaziri Melis Turg‘unboyev, Tojikiston Respublikasi hukumati huzuridagi Atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi Bahodir Sheralizoda va Turkmaniston atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri Charigeldi Babaniyazov ishtirok etdi.

Muloqot chog‘ida so‘zga chiqqanlar mintaqada tajriba almashish, iqlim o‘zgarishiga moslashish va uning oqibatlarini yumshatish bo‘yicha texnologiyalar va resurslarni uzatishga ko‘maklasha oladigan hamkorlikni mustahkamlash muhimligini ta’kidladilar. Iqlim bo‘yicha muzokaralar jarayonida Markaziy Osiyoning roli ortib borayotgani mintaqaning xalqaro maydondagi ovozi muhimligini ta’kidlaydi.

Ta’kidlash joizki, Aziz Abduhakimov davlatimiz rahbari rahnamoligida amalga oshirilayotgan bir qator ishlar haqida gapirdi. Jumladan, Orolbo‘yida «Iqlim texnologiyalari xalqaro ko‘rgazmasi»ni tashkil etish, Markaziy Osiyo iqlim muloqoti platformasini takomillashtirish, “Green University” negizida yetakchi xorijiy olim va ekspertlar ishtirokida «Iqlim ilmiy forumi»ni tashkil etish, forum doirasida yer degradasiyasi, suvdan foydalanish, oziq-ovqat xavfsizligi muammolarini o‘rganish, BMT bilan O‘zbekistonda 2024 yilda «Iqlim migrasiyasi» konferensiyasini o‘tkazish, O‘zbekiston Respublikasining 2050 yilgacha kam uglerodli iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha uzoq muddatli strategiyasini ishlab chiqish va boshqalar.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!