Markaziy bank 8 ta bank va 7 ta to‘lov tashkilotini jarimaga tortdi
Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi joriy yilning noyabr oyidagi yig‘ilishlarida (9 marta) 32 ta masalani ko‘rib chiqdi va tegishli qarorlar qabul qildi.
Ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida 13 ta masala, shu jumladan, kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish (1 ta), banklarda audit o‘tkazish huquqini berish uchun auditorlik malaka sertifikatini taqdim etish (1 ta), kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish (3 ta) hamda tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolari hamda muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini ko‘rib chiqishga doir (8 ta) masalalar ko‘rildi.
Shu bilan birga, Kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 19 ta masala – Markaziy bankning ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlari talablarining bajarilishi, tijorat banklarida amalga oshirilgan nazorat tadbirlari, shuningdek, tijorat banklari va mikromoliya tashkilotida o‘tkazilgan o‘rganish va tekshirishlar natijalari ham muhokama qilindi.
Tijorat banklari, mikromoliya tashkilotlari va to‘lov tashkilotlarida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 22 ta bank va 3 ta to‘lov tashkiloti chora va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.
Shu bilan birga, amaldagi qonunchilik, Markaziy bank tomonidan o‘rnatilgan iqtisodiy me’yorlar talablari hamda ko‘rsatmalariga rioya qilinmaganligi, shuningdek, o‘rganish va inspeksiya tekshiruvlari davomida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 8 ta bank, 7 ta to‘lov tashkiloti va 12 ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyasi qo‘llanildi.
Bundan tashqari, Bank nazorati qo‘mitasining tegishli qarori bilan 7 ta bank 2025 yil uchun tizimli ahamiyatga molik banklar sifatida belgilandi.