“Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun tatbiq etiladigan organlar ro‘yxati e’lon qilindi
“Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun tatbiq etiladigan davlat organlari va tashkilotlarining ro‘yxati tasdiqlandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi.
Ma’lumki, “Manfaatlar to‘qnashuvi” to‘g‘risidagi qonun:
- davlat organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlariga;
- davlat muassasalariga, davlat unitar korxonalariga, davlat maqsadli jamg‘armalariga;
- davlat ulushi 50 foiz miqdorda va undan ortiq bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlariga tatbiq etilishi belgilangan.
Davlat rahbarining qarori ijrosini ta’minlash maqsadida “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun ijrosini tashkil etish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasi tomonidan qonun tatbiq etiladigan davlat organlari va tashkilotlarining aniq ro‘yxati tasdiqlandi.
Davlat organlari va tashkilotlari qonunchilikka muvofiq qayta tashkil etilgan, nomi o‘zgargan yoki yangidan tashkil qilingan taqdirda, manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish sohasida maxsus vakolatli organ — Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan ro‘yxatga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritib boriladi.
Ro‘yxatdan respublika darajasidagi davlat organlari va tashkilotlarning 24 tasi, jumladan Prezident administrasiyasi, Oliy Majlis, Vazirlar Mahkamasi, Markaziy bank, Oliy sud, Bosh prokuratura, DXX, MIB, Milliy gvardiya, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Statistika agentligi, shuningdek, Korrupsiyaga kurashish agentligining o‘zi ham kiritilgan.
Ro‘yxatdan, shuningdek, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyat, shahar, tuman hokimliklari, yurudik shaxs maqomidagi davlat maqsadli jamg‘armalari, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ko‘p bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari va davlat unitar korxonalari o‘rin olgan.
To‘liq ro‘yxat bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin.
“Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun 2024 yil 6 dekabrdan kuchga kiradi. Davlat organlari va tashkilotlarida manfaatlar to‘qnashuvini hisobga olish reestri yuritiladi.