Mamdani: «Netanyaxuni hibsga olish vakolatimiz yo‘q, buni federal hukumat amalga oshirishi kerak»
Nyu-York shahar meri Zohran Mamdani Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu sentyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh Assambleyasi yig‘ilishida ishtirok etish uchun Nyu-Yorkka kelgan taqdirda, shahar ma’muriyati uni mustaqil ravishda hibsga olish bo‘yicha huquqiy vakolatga ega emasligini bildirdi. Shu bilan birga, u bu borada tegishli vakolat federal hukumatda mavjud ekanini ta’kidladi.
Mamdani X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilgan video murojaatida Xalqaro jinoyat sudi (XJS) tomonidan Netanyaxuga nisbatan chiqarilgan hibsga olish orderini ijro etish haqida avval bildirgan fikrlariga izoh berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Netanyaxu urush jinoyatlarida ayblanayotgan shaxs bo‘lib, G‘azoda 73 mingdan ortiq falastinlikning halok bo‘lishiga olib kelgan voqealarning asosiy mas’ullaridan biri hisoblanadi. Mamdani G‘azoda bolalar va shifoxonalar nishonga olingani, oziq-ovqat qamali o‘rnatilgani, gumanitar yordam xodimlari hamda jurnalistlar halok bo‘lganini eslatdi.
«Bu voqealar sodir bo‘layotgan bir paytda, insonlarni o‘ldirayotgan bombalar uchun mablag‘ AQSh soliq to‘lovchilarining cho‘ntagidan chiqmoqda», – dedi Mamdani.
U Netanyaxuning harakatlari huquqiy baholanishi va uni sud oldiga olib chiqish zarurligini ta’kidladi.
Mamdani Nyu-Yorkka tashrif amalga oshirilgan taqdirda Xalqaro jinoyat sudining hibsga olish orderini bajarish imkoniyatlarini har tomonlama o‘rganib chiqqanliklarini ma’lum qildi.
«Bu orderni mustaqil ravishda ijro etish uchun bizda huquqiy vakolat yo‘qligi aniq. Biroq federal hukumat bunday vakolatga ega. Shuning uchun men ularni Xalqaro jinoyat sudiga qo‘shilish va mazkur orderni ijro etishga chaqiraman», – dedi u.
Mamdani, shuningdek, Netanyaxu va boshqa urush jinoyatlarida ayblanayotgan shaxslarga Nyu-Yorkda o‘rin yo‘qligini qayd etdi.
Avvalroq Mamdani Netanyaxu sentyabrdagi BMT Bosh Assambleyasi yig‘ilishi uchun Nyu-Yorkka kelsa, shahar hokimiyati o‘z vakolatlari doirasida harakat qilishini, biroq bu maqsadda alohida qonun qabul qilmasligini bildirgan edi.
«Menimcha, Netanyaxuning o‘rni Gaagada. U Xalqaro jinoyat sudi tomonidan ayblanayotgan urush jinoyatchisidir», – degan edi Nyu-York shahar meri.
Bu bayonotga javoban Netanyaxu Mamdanini «Yaqin Sharqdagi yagona demokratiya hisoblangan yahudiy davlati rahbariga hujum qilishda» aybladi. Shuningdek, u Xalqaro jinoyat sudining AQSh va Isroil fuqarolari ustidan yurisdiksiyasi yo‘qligini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, Xalqaro jinoyat sudi 2024 yil 21 noyabr kuni G‘azoda sodir etilgan deb baholanayotgan urush jinoyatlari hamda insoniyatga qarshi jinoyatlar yuzasidan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va mamlakatning sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantga nisbatan hibsga olish orderini chiqargan.
