London noqonuniy muhojirlarni Ruandaga deportasiya qilmoqchi

London noqonuniy muhojirlarni Ruandaga deportasiya qilmoqchi

Britaniya parlamentining yuqori palatasi hukumat bosimi ostida Britaniya hududini noqonuniy kesib o‘tgan muhojirlarni Ruandaga deportasiya qilish bo‘yicha bahsli qonun loyihasini qabul qildi, deya xabar beradi Deutsche Welle.

“Qonun loyihasi Lordlar palatasi tomonidan 23 aprel, seshanbaga o‘tar kechasi ma’qullandi. Avvalroq Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak seshanba kunigacha parlament qonunni ma’qullash uchun zarur bo‘lgan vaqtgacha o‘tirishini ma’lum qilgandi. Hech qanday "lekin" va "agar"siz. Bu reyslar Ruandaga boradi”, - dedi Sunak kecha.

Parlamentning har ikki palatasida qabul qilingan qonun loyihasi Britaniya qiroli Charlz III tomonidan imzolanganidan keyin kuchga kiradi.

Qonun loyihasiga ko‘ra, Buyuk Britaniyaga noqonuniy kirgan barcha muhojirlar Ruandaga tijoriy reyslar orqali chiqarib yuboriladi va u yerda boshpana so‘rashi mumkin. Ular Buyuk Britaniyaga qaytarilmaydi. Hukumat bu choralari bilan har yili o‘n minglab muhojirlar o‘tadigan xavfli La-Mansh bo‘yi orqali noqonuniy migrasiya oqimini to‘xtatib, odam kontrabandachilarining biznesini yo‘q qilmoqchi.

Ruanda bilan hamkorlik qilish tashabbusi birinchi marta Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Boris Jonson tomonidan 2022 yilda e’lon qilingan edi. Shartnomada London Ruandaga noqonuniy muhojirlarni yuborishi va Ruanda iqtisodiy rivojlanish uchun Londondan millionlab dollar sarmoya olishi nazarda tutilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Buyuk Britaniya Ichki ishlar vazirligining 27 mart kuni e’lon qilingan ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning uch oyida rekord darajadagi 4644 nafar migrant La-Mansh bo‘ylab kichik qayiqlarda kesib o‘tgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!