Livanda Isroil hujumlari qurbonlari soni 3 mingdan oshdi
Amal qilayotgan sulhga qaramay, Isroilning Livanga hujumlari davom etmoqda.
Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qilishicha, Isroilning davom etayotgan hujumlari oqibatida halok bo‘lganlar soni 3042 nafarga yetgan, yana 9300 dan ortiq kishi yaralangan.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, faqat so‘nggi bir sutka ichida Isroil armiyasi mamlakat janubidagi hududlarga bir qator zarbalar bergan. Bu hujumlar 17 apreldan amal qilayotgan va yana 45 kunga uzaytirilgan o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga qaramay amalga oshirilgan.
Nabatiya viloyatidagi Kfar-Sir qishlog‘ida aviahujum oqibatida bir oilaning to‘rt a’zosi, jumladan ikki ayol halok bo‘lgan. Livan OAV xabarlariga ko‘ra, uy to‘liq vayron qilingan.
Xaruf qishlog‘ida esa Isroil droni munisipalitet avtomobiliga zarba berishi oqibatida ikki kishi jabrlangan. NNA agentligi ma’lumotiga ko‘ra, hujum paytida ular mahalliy aholiga non tarqatishga tayyorgarlik ko‘rayotgan bo‘lgan.
Isroil aviasiyasi Shuhhabiya va Rayhan hududlariga ham zarbalar bergan, artilleriya esa janubdagi aholi punktlarini o‘qqa tutgan. Bayrut osmonida esa past balandlikda uchayotgan Isroil dronlari qayd etilmoqda.
Davom etayotgan hujumlar fonida Livan hukumati Isroilni sulh rejimini buzish va mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlarga putur yetkazishda ayblamoqda.
Livan tomoni ma’lumotiga ko‘ra, sulh kuchga kirganidan keyin ham 400 dan ortiq kishi halok bo‘lgan.
Bayrutda ta’kidlanishicha, zarbalar turar joy hududlari va fuqarolik infratuzilmasiga qarshi davom etmoqda.
