Litva o‘zining fuqarolik safarbarlik zaxirasini 100 000 kishiga yetkazmoqchi
Mamlakat hukumati favqulodda vaziyatlarda harbiy bo‘linmalarga emas, balki asosiy sohalar ishiga mas’ul bo‘lgan mutaxassislarni oldindan belgilamoqchi.
Rejalar haqida Litva Inqirozlarni boshqarish milliy markazi rahbari Vilmantas Vitkauskas ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, zaxiraga 100 mingga yaqin kishi kirishi mumkin. Ushbu zaxira tarkibiga davlat xizmatchilari, shifokorlar, muhandislar, IT-mutaxassislar, energetika sohasi xodimlari, logistika sohasi vakillari va polisiya xodimlari kiradi.
Ushbu mutaxassislar uchun tegishli ro‘yxatlar oldindan shakllantirilishi kutilmoqda. Safarbarlik paytida ular sog‘liqni saqlash, energetika, aloqa, logistika va davlat boshqaruvining ishlashini ta’minlagan holda o‘z sohalarida ishlashni davom ettirishlari kerak bo‘ladi.
Ularga safarbarlik yoki boshqa favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan taqdirda muhim sohalarning uzluksiz ishlashini ta’minlash vazifasi yuklatiladi.
«Odamlar bunday vaziyatda o‘z majburiyatlarini aniq tushunishlari va safarbarlik rejalarini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan vazifalarga e’tibor qaratishlari muhim,» - dedi Vitkauskas.
