Xitoy Rossiya nefti uchun kurashda Hindistonni siqib chiqarmoqda
Hindiston neftni qayta ishlash kompaniyalari oktyabr va noyabr oylarida Rossiyadan olinadigan neft hajmi yana kamayishidan xavotirda. Reuters agentligi neft bozoridagi to‘rtta manbaga tayanib xabar berishicha, bunga Rossiya eksporti qisqarishi va Xitoy tomonidan talab ortishi sabab bo‘lmoqda.
Hindiston 2022 yildan beri dengiz orqali yetkazib beriladigan Rossiyaning Urals neftining eng yirik xaridori bo‘lib kelgan. Ammo so‘nggi oylarda Xitoy Rossiya neftini ko‘proq sotib ola boshladi. Bunga Yaqin Sharqdan yetkazib berishlar qisqarishi va mintaqadagi mojarolar sabab bo‘lgan.
Manbalarga ko‘ra, Xitoy xaridorlari neft partiyalarini oldindan band qilishga va Hindiston NPZlariga nisbatan yuqoriroq narx taklif qilishga tayyor.
Kpler hisob-kitoblariga ko‘ra, sentyabr oyida Rossiyadan Hindistonga neft yetkazib berish hajmi sutkasiga taxminan 1,75 million barrelga tushishi mumkin. Bu aprel oyidan beri qayd etilgan eng past ko‘rsatkich bo‘ladi. Avgustda esa yetkazib berishlar iyul oyiga nisbatan 16,5 foizga kamayib, sutkasiga qariyb 2,1 million barrelni tashkil etgan.
Rossiya hali ham Hindistonning eng yirik neft yetkazib beruvchisi bo‘lib qolmoqda. Biroq Rossiya eksportining umumiy hajmi ham qisqargan. Xususan, Novorossiysk portida dronlar hujumlaridan keyin yuklash ishlari bir necha bor to‘xtatilgan va eksport hajmi qariyb ikki baravar kamaygan.
Rossiya nefti tanqisligi tufayli Hindiston NPZlari qimmatroq muqobil manbalarga murojaat qilmoqda. Ular BAAning Murban, Iroqning Basrah nefti va Angoladan xomashyo xarid qilmoqda.
Ayni paytda Rossiya neftining Xitoyga yetkazib berilishiga Shimoliy dengiz yo‘lidagi mavsumiy navigasiya ham yordam bermoqda. Hindistonga olib boruvchi Qizil dengiz yo‘nalishida esa Yaman husiylari ishtirokidagi mojaro sabab xavflar yuqori bo‘lib qolmoqda.
