Mersga partiya ichidan bosim: XDSda «kursni o‘zgartirish» talabi yangramoqda
Germaniyada hukmron Xristian-demokratik ittifoqi (XDS) ichida mintaqaviy saylovlardagi qoniqarsiz natijalardan so‘ng ichki tanqid kuchaymoqda.
XDSning ijtimoiy qanoti — Xristian-demokratik ishchilar uyushmasi (CDA) rahbari Dennis Radtke partiya avvalgi «xalq partiyasi» maqomiga mos kelmay qolayotganini aytdi. Uning fikricha, XDS yana «mehnatkash markaz» bilan faolroq ishlashi kerak.
CDA rahbariyati qaror loyihasida sanoat ishchilari, hunarmandlar, o‘rta biznes vakillari, parvarish va ta’lim sohasida mehnat qilayotganlarni qo‘llab-quvvatlashni qayta kuchaytirish taklif etilgan.
Radtke XDS saylovchilar ro‘yxatini shakllantirishda jamiyatning turli qatlamlarini yetarlicha hisobga olmayotganini ham tanqid qildi.
U kansler va XDS raisi Fridrix Mersning ayrim bayonotlarini ham keskin tanqid qildi. Radtke Mersning nemislar ishlashga yetarlicha tayyor emasligi haqidagi gaplari odamlarni partiyaga jalb qilishdan ko‘ra, aksincha, ularning noroziligini kuchaytirishini bildirdi.
«Albatta, janob Mers ham o‘zgarishi kerak», — dedi CDA rahbari. U bu bilan kanslerning xulq-atvori, siyosiy yo‘nalishi va jamoatchilik bilan muloqot uslubini nazarda tutgan.
Shu bilan birga, Radtke XDS rahbariyatini yoki kanslerni almashtirish talabini qo‘ymayapti. U so‘nggi saylov natijalarini partiya uchun jiddiy burilish deb baholadi.
XDS Meklenburg — Old Pomeraniya parlamentiga o‘ta olmagan, Saksoniya — Anxaltda 17,2 foiz ovoz olgan, Berlinda esa ikkinchi o‘rinni egallagan.
Radtke partiya ichidagi muammolarga javoblar 11 oktyabrga rejalashtirilgan XDS prezidiumi yig‘ilishida muhokama qilinishini kutmoqda.
