Parij Usmanov uchun Bryusselda nega «yo‘l ochdi»?
Fransiya Tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro Parijning rossiyalik milliarder Alisher Usmanovni Yevropa Ittifoqi sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarish tashabbusini izohladi.
Barroning aytishicha, qaror YEIning Rossiyaga qarshi shaxsiy sanksiyalar amal qilish muddatini o‘zgartirishi bilan bog‘liq. Ilgari sanksiyalar har olti oyda uzaytirilar va buning uchun barcha YEI davlatlarining roziligi talab qilinar edi. Endi esa cheklovlar bir yo‘la uch yilga uzaytirildi.
Fransiya TIV rahbari Parij Usmanovni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarish «vaziyatga hech qanday ta’sir qilmaydi», degan xulosaga kelganini bildirdi.
«Uch mingga yaqin shaxs va tashkilotga sanksiyalar qo‘llanilgan. Ulardan bittasi ro‘yxatdan chiqarildi», — dedi Barro.
22 sentyabr kuni YEI Rossiyaga qarshi shaxsiy sanksiyalarni 2029 yil sentyabrigacha uzaytirdi. Shu bilan birga, Usmanovdan tashqari «Alfa-Grupp» asoschisi Mixail Fridman, Qrim federal universitetining sobiq rektori Andrey Falaleev va Redbird Corporate Services Ltd ham sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarildi.
Usmanovni ro‘yxatdan chiqarish tashabbusini Fransiya va Slovakiya ilgari surgan. Diplomatik manbalarga ko‘ra, Fransiyaning pozisiyasi Ozarbayjonda qamoqda bo‘lgan Fransiya fuqarolarining taqdiri bilan bog‘liq bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
23 sentyabr kuni Boku josuslikda ayblanib, qamalgan Fransiya fuqarosi Martin Rayanni afv etdi. Biroq Parij sanksiyalarni bekor qilish va Rayanning ozod qilinishi o‘rtasida kelishuv bo‘lganini rasman tasdiqlamagan.
