O‘zbekiston 2031 yilda BMT Kongressiga mezbonlik qiladi
O‘zbekiston delegasiyasi BMT Bosh Assambleyasidan so‘ng ishini Abu-Dabida — Jinoyatchilikning oldini olish va jinoiy odil sudlov bo‘yicha 15-kongressda davom ettirdi. Nufuzli anjumanda dunyoning turli mamlakatlaridan 5 mingga yaqin vakil ishtirok etdi.
Saida Mirziyoyevaning yozishicha, Kongress doirasida transmilliy jinoyatchilik, terrorizm, narkotrafik, korrupsiya va ekologik huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, bolalarni himoya qilish hamda qonun ustuvorligini mustahkamlash kabi umumiy yechimni talab etayotgan masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, Saida Mirziyoyeva BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi ijroiya direktori Monika Juma bilan uchrashdi. Bugungi kunda BMTning mazkur tuzilmasi bilan faol hamkorlik qilib, qator qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Mazkur kongress O‘zbekiston uchun alohida ahamiyat kasb etdi. Barcha ishtirokchi davlatlar navbatdagi kongressni O‘zbekistonda o‘tkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. Bu qaror yakuniy deklarasiyada ham o‘z tasdig‘ini topdi.
"Buni O‘zbekistonga nisbatan xalqaro miqyosdagi yuksak ishonch ramzi, mamlakatimizning ochiqligi, muloqotga doimo tayyorligi va umumiy maqsadlar yo‘lida sa’y-harakatlarni birlashtira olishimizga bildirilgan ishonch sifatida baholayman.
Oldimizda besh yillik tayyorgarlik davri turibdi. 2031 yilda O‘zbekiston butun dunyodan keladigan delegasiyalarga mezbonlik qiladi", deb yozadi Saida Mirziyoyeva.
