Lavrov va Vadeful uchrashdi: Berlinda bu muloqot nega turlicha baholanmoqda?
BMT Bosh Assambleyasi doirasida Nyu-Yorkda Germaniya va Rossiya tashqi ishlar vazirlari Yoxann Vadeful va Sergey Lavrovning kutilmagan 20 daqiqalik uchrashuvi Germaniyada qizg‘in muhokama qilinmoqda.
28 sentyabr kuni Berlinda o‘tkazilgan hukumat matbuot anjumanida ham asosiy mavzulardan biri aynan shu muloqot bo‘ldi.
Germaniya TIV vakili Yozef Xinterzeerning bildirishicha, Berlin uchun uchrashuvda ikki masala muhim bo‘lgan. Birinchisi — Ukraina va Rossiyadan Qora dengiz orqali don eksportini ta’minlash masalasi. Uning aytishicha, Germaniyadan bu mavzuni ko‘tarishni bir nechta davlat so‘ragan. Biroq qaysi davlatlar ekanini aniqlashtirmagan.
Ikkinchi masala esa Germaniya infratuzilmasiga nisbatan ehtimoliy diversiyalar xavfi bo‘lgan. Xinterzeer avgust oyi boshida Leypsig aeroportida portlovchi modda ortilgan drondan foydalanishga urinishga o‘xshash hodisalar takrorlanishi Germaniya uchun qabul qilib bo‘lmaydigan holat ekanini aytgan.
Biroq Germaniya TIV vakili don eksporti masalasida Rossiya tomoni qanday munosabat bildirgani yoki uchrashuvdan qanday aniq natija olinganini ma’lum qila olmagan. Uning ta’kidlashicha, «muammoni joyidan siljitishga bo‘lgan har qanday urinish qadrli».
Uchrashuv Germaniya siyosiy doiralari va ommaviy axborot vositalarida turlicha baholanmoqda. Ayrim nashrlar Germaniya va Rossiya o‘rtasida muloqot bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan.
Jumladan, Süddeutsche Zeitung va Die Zeit gazetalari vazirlarning fikr almashganini ijobiy qabul qilgan. Süddeutsche Zeitung bu muloqotni ikki davlat munosabatlaridagi «muzlik davrining ehtimoliy yakuniga boshlanish» sifatida baholagan. Biroq nashrning ta’kidlashicha, uchrashuvning muhim jihatlaridan biri Moskva muzokaralarga tayyor emasligini namoyon qilgani bo‘lgan.
Germaniya TIV vakili Xinterzeer Berlin Rossiya Nyu-Yorkdagi uchrashuvdan propaganda maqsadlarida foydalanganini anglayotganini bildirdi. Biroq Germaniya buni muloqot o‘tkazishga qarshi dalil sifatida ko‘rmayapti.
Uchrashuvlarning davomi bo‘ladimi — hozircha ochiq savol. Germaniya tomonining bildirishicha, bunday muloqotlar hozircha muntazam tus olishi kutilmayapti.
