Lavrov: Moskva Ukraina bo‘yicha muzokaralarga tayyor
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Moskva Ukrainadagi mojaroni siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal etish tarafdori bo‘lib qolayotganini, biroq o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga har qanday sharoitda erishish niyatida ekanini bildirdi.
Lavrov bu haqda Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishi doirasidagi chiqishida ma’lum qildi.
«Biz bir necha bor siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal etishni afzal ko‘rishimizni aytganmiz. Biroq har qanday holatda ham maqsadlarimizga erishamiz», — dedi Rossiya tashqi ishlar vaziri.
AQSh davlat kotibi Marko Rubioning Ankorij sammitida erishilgan kelishuvlar amalga oshmagani haqidagi bayonotiga munosabat bildirgan Lavrov, muzokaralarda taraqqiyot bo‘lmagani uchun kim mas’ul ekanini aniqlash zarurligini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva kelishuvlar doirasidagi o‘z majburiyatlarini bajargan va AQSh taklif etgan murosa jangovar harakatlarni to‘xtatish hamda muzokaralarni boshlash uchun asos bo‘lishi mumkin edi.
Lavrov, shuningdek, Vashingtonning Ukraina bo‘yicha pozisiyasi o‘zgarganini, Kiyevning AQSh takliflarini rad etishi esa G‘arb davlatlarining Ukrainaga harbiy yordami davom etayotgani bilan bog‘liqligini bildirdi.
