Kuyov sotish marosimi (yoxud oriyatli yigitlarimiz qayerda qoldi?)

Kuyov sotish marosimi (yoxud oriyatli yigitlarimiz qayerda qoldi?)

Alloh taolo bandalarini bir-birlarining molini nohaq – harom yo‘l bilan yeyishdan qaytargan. Qur’oni karimda marhamat qilinadi: “Bir-biringizning mollaringizni botil yo‘l bilan yemang” (Baqara surasi, 188-oyat).

Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ey insonlar! Allohdan qo‘rqing va talabni go‘zal qiling! Chunki hech bir jon garchi (rizqi)  undan kechiksa-da, lekin rizqini to‘liq olmagunicha vafot etmaydi. Shunday ekan Allohdan qo‘rqing va talabni go‘zal qiling. Halol bo‘lganini oling va harom qilinganini tark qiling!”, dedilar» (Imom ibn Moja rivoyati).

Afsuski, so‘nggi paytda yurtimizning ba’zi hududlarida ilohiy yo‘riqlarga zid bid’atlar paydo bo‘lyapti. Ana shunday dinimizga zid, oriyatni oyoqosti qiluvchi odatlardan biri – nikoh to‘yida “kuyov sotish”dir. Unga ko‘ra, nikoh to‘yi tugagach, kuyovjo‘ralar kuyovni “yashirib”, uni sotib olish uchun kelin tarafdan to‘rt yuz dollar pul talab qilinar ekan. Agar talab bajarilmasa, kuyov qo‘yib yuborilmas ekan. Naqadar tuban odat! Bu kishi molini zulm va zo‘ravonlik bilan yeyishga kiradi.

Albatta, bu tuban odatni u urchigan qishloq va mahalla oqsoqollari va ota-onalar bilishadi. Ular bu noinsoniy odatni ko‘rib-bilib, jim qarab turishi yaramas illatni yanada tomir otishiga sabab bo‘lmoqda.

Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qiladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Sizlardan biringiz bir munkar ishni ko‘rsa, qo‘li bilan uni tiysin, agar kuchi yetmasa, tili bilan tiysin, unga ham qurbi yetmasa qalbi bilan (uni yomon ko‘rib qo‘ysin). Mana shu (uchinchisi) imonning eng zaifidir”dedilar (Imom Muslim).

Bu kabi illatlar yangi oilalardan mehr-oqibat va barakani ketkizadi, turli mojarolar ko‘payib, ajrimlar soni ortishiga sabab bo‘ladi. Turmushni xursandchilik bilan boshlaylik. Xurofot va dilxiralikdan chetlanaylik.

Abdulhakim AKMALOV,

Ohangaron shahar bosh imom-xatibi

Manba: hidoyat.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!