Ko‘p kulma, ko‘p kulish qalbni o‘ldiradi…
Alloh taolo odamzodga yig‘lash va kulish ne’matlarini ato etgan. Inson mana shu ne’matlardan to‘g‘ri foydalanishi kerak. Alloh taolo aytadi:
«Albatta, kuldirgan ham, yig‘latgan ham Uning O‘zidir» (Najm, 43).
Hanafiy ulamolarimizdan Alusiy tafsirlarida oyatni sharhlab, kulgini ham, yig‘ini ham yaratgan Allohdir, deganlar. Tabariy esa Alloh taolo jannat ahlini u yerga kiritib kuldiradi, jahannam ahlini esa u yerga kiritib yig‘latadi va bu dunyo ahllaridan istaganini kuldirib, xohlaganini yig‘latadi, deganlar.
Inson tafakkur qilsa, Alloh uni yer yuzida faqat va faqat yaxshilik qilish uchun yaratganini anglaydi. Qimmatli va oqar suvdek o‘tib ketuvchi bu umr ma’siyat ishlarga sarflansa, Allohning amrlariga itoat qilinmasa, inson oxiratda pushaymon bo‘lishi, nadomat chekib, yig‘lab qolishi mumkin. Oxiratda saodat topmoqchi bo‘lgan inson dunyoga aldanmasligi, turli orzu-havaslarga berilib ketmasligi kerak. Parvardigori olam muborak Kalomida:
«Bas, (ular) qilmishlarining jazosi uchun (bu dunyoda) oz kulsinlar va (oxiratda) ko‘p yig‘lasinlar!» (Tavba, 82) deya ogohlantiradi. Qurtubiy tafsirlarida: “Oz kulsinlar va ko‘p yig‘lasinlar” jumlasi garchi amr siyg‘asida bo‘lsa ham, tahdid ma’nosida kelgan. Bir qavlda xabar ma’nosida bo‘lib, kam kulib, ko‘p yig‘laydilar ma’nosidir”, deganlar. Bu oyat aslida Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) Tabuk g‘azotiga ko‘p sonli sahobalar bilan chiqqanlarida, ortlarida qolib, ular bilan birga chiqmay, xursand bo‘lgan munofiqlar haqidadir.
Bu tahdiddan mo‘minlar ham o‘zlariga ibrat olishlari, kam kulib, Alloh oldidagi gunohlari uchun ko‘p yig‘lashlari kerak. Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam)dan Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Nafsim izmida bo‘lgan Zotga qasamki, agar men bilgan narsani bilganlaringizda edi, ko‘p yig‘lab, kam kulardilaringiz”, deganlar.
Abu Zarr G‘iforiy (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Ko‘p kulishdan saqlaning. Chunki ko‘p kulgi qalbni o‘ldiradi va yuz nurini ketkazadi”. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) boshqa bir hadisi sharifda: “Ogoh bo‘ling, jasadda bir bo‘lak go‘sht borki, u to‘g‘ri bo‘lsa, jasadning barchasi to‘g‘ri, agar u buzilsa, jasadning barchasi buziladi. Ogoh bo‘ling, u qalbdir”, deganlaridek, inson jasadida qalbning boshqa a’zolarga nisbatan o‘rni hayot nuqtasi hisoblanadi. Shu sababli ham Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bu vasiyatlarida qalbni o‘ldiradigan narsalardan ogohlantirib, ko‘p kulishdan qaytarmoqdalar. Alloh taolo:
«Bas, mo‘’jizalarimizni ularga keltirganida, ular birdaniga ulardan (mo‘’jizalardan) kula boshladilar» (Zuxruf, 47), deb marhamat qilgan.
Ushbu oyati karimada ham kulgining yomon illatlardan ekanligiga ishora bor. Boshqa bir oyatda:
«Ular yig‘lagan hollarida, yuzlari bilan yiqilurlar va (Qur’on) ularning kamtarliklarini ziyoda qilur» (Isro, 109) deya gunohlarga tavba qilib, yig‘lashga ishora bor.
Abu Hurayra (roziyallohu anhu) Nabiy (sollallohu alayhi va sallam)dan rivoyat qiladilar: «Sarvari koinot bunday marhamat qiladilar: “Alloh taolo yetti kishini Arshining soyasidan boshqa soya yo‘q kunda (Arshining) soyasiga olur:
- Odil imom.
- Rabbisi ibodatida o‘sgan yosh.
- Qalbi masjidlarga bog‘liq kishi.
- Allohning yo‘lida bir-birini yaxshi ko‘rib, Alloh uchun jam bo‘lib, Alloh uchun ajraladigan ikki kishi.
- Mansab va husn-jamol egasi bo‘lgan ayol chaqirganda, men Allohdan qo‘rqaman, deb rad etgan odam.
- Sadaqani maxfiy qilib, hatto chap qo‘li o‘ng qo‘li bergan sadaqani bilmay qolgan kishi.
- Xoli qolib Allohni eslaganda ko‘zidan yoshlari oqqan odam”».
Oyatlar va hadislar gunohlar uchun yig‘lab tazarru qilishga undasa-da, lekin bu degani inson hayotida umuman kulmasdan, xo‘mrayib yursin, degani emas. Insonlar jamiyatdagi muloqotlari borasida o‘z o‘rinlarini bilib chiroyli muomalada bo‘lishlari, samimiylik va odamgarchilikni unutmasliklari lozim. Kulgi ham sunnatdir. Hatto Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ham ahyon-ahyonda kulganlar, kulganlarida oziq tishlari ko‘rinar edi. Bu kulgi nafs dardini tushunuvchi oqillarning kulgisidir va o‘sha dardning davosi hamdir.
Bundan kulishning barcha turi mumkin emas, degan hukm kelib chiqmaydi. Kulish ham me’yoriga qarab bir necha xilga bo‘linadi: tovush chiqarmasdan kulish, “tabassum”, boshqalar eshitmaydigan darajada ovoz chiqarib kulish “zihk”, boshqalar eshitadigan darajada ovoz chiqarib kulish “qahqaha” deyiladi. Kulish ham Alloh taoloning insonga bergan ne’mati hisoblanadi. Chunki insondan boshqa jonzotlarning birortasiga kulish va yig‘lash xususiyati berilmagan.
Payg‘ambarimiz (sollalohu alayhi va sallam) ham kulganlar. Lekin baland ovozda va ko‘p kulmaganlar, balki kulgi va tabassumlari ham me’yorda bo‘lgan.
Musulmon kishi tabassum qilishi, lekin ko‘p kulmasligi lozim.
Xizr (alayhissalom)ga Muso (alayhissalom) safarlarining oxirida: “Menga nasihat qiling”, deydilar. Shunda Xizr (alayhissalom): “Ey Imron farzandi, tabassum qil, lekin ko‘p kuluvchi bo‘lma. Odamlar bilan tortishma. O‘z hojating bo‘lmagan ish ortidan yurma. Xatokorlarning xatolari sabab ularni ayblama”, deganlar.
Manba: hidoyat. uz
