Kredit mablag‘larini talon-toroj qilgan MCHJ rahbarlari aniqlandi

Kredit mablag‘larini talon-toroj qilgan MCHJ rahbarlari aniqlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Departament organlari tomonidan banklarning komplayens-nazorati tuzilmalari bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilganligi natijasida, bank mablag‘larining talon-toroj qilinishi bo‘yicha aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan o‘z vaqtida qonuniy choralar ko‘rilmoqda

Xususan, Departamentning Sho‘rchi tuman bo‘limi tomonidan “Qishloq qurilish bank” ATB Sho‘rchi filialining murojaatiga asosan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “K.J.” MCHJ rahbari B.E. garov ta’minoti sifatida qo‘yilgan bino-inshootlarni soxta hujjatlar orqali haqiqiy narxidan 186 mln so‘mga sun’iy ravishda oshirgan holda baholatib, non ishlab chiqarish sexi va savdo do‘koni qurish uchun 2 mlrd so‘m kredit ajratilishiga erishib, ushbu mablag‘ni o‘zining shaxsiy ehtiyojlariga sarflab yuborib, talon-toroj qilganligi aniqlangan.

Shu kabi, Departamentning Oqqo‘rg‘on tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, tumandagi “P.” MCHJ rahbari A.T. ATB “Mikrokreditbank”ning Oqqo‘rg‘on filialidan makaron mahsulotlari ishlab chiqarish uskunasini sotib olish uchun 750 mln so‘m kredit ajratilishiga erishib, ushbu kredit mablag‘ini “A-K.” MCHJga o‘tkazish orqali naqdlashtirib olib, talon-toroj qilganligi aniqlangan.

Shuningdek, Termiz tumanida “P.K.” xususiy korxonasi rahbari K.P. “Turonbank” ATB Termiz filialidan zamonaviy issiqxona qurish orqali limonchilik faoliyatini tashkil etish uchun ajratilgan 400 mln so‘m kredit mablag‘ini o‘zi norasmiy ravishda rahbarlik qilib kelgan “K.B.” MCHJga soxta shartnoma asosida o‘tkazib, issiqxona tashkil etmasdan, talon-toroj qilganligi aniqlangan.

Bundan tashqari, Jarqo‘rg‘on tumanida “N.YA.” MCHJ rahbari D.Q. “Ipoteka bank” ATIB Surxondaryo filialidan baliqchilik xo‘jaligini rivojlantirish maqsadida 300 mln so‘m kredit ajratilishiga erishib, kredit mablag‘ini o‘zining shaxsiy ehtiyojlariga sarflab, talon-toroj qilganligi aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!