Kredit foiz stavkasi 10-12 foizga tushiriladi
O‘zLiDePdan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevning Toshkent shahridagi ishonchli vakili Rustam Kalanov Toshkent moliya institutida yunusobodlik saylovchilar bilan uchrashdi.
Unda tuman kengashlari deputatlari, mahalla raislari, faxriylar, xotin-qizlar va yoshlar, tadbirkorlar ishtirok etdi.
Ishonchli vakil nomzodning saylovoldi dasturiga binoan mamlakatimizda amalga oshirilishi kutilayotgan ishlar to‘g‘risida so‘zladi. Xususan, Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish uchun ishlar jadallashadi. Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi va unga 1 milliard dollar ajratiladi.
Kelgusi yillarda 50 ta nufuzli xorijiy brend bilan maxsus eksport zonalari tashkil qilinadi. Tadbirkorlarga “tayyor biznes” shaklida sanoat ipotekasi tizimi to‘liq yo‘lga qo‘yiladi. Har bir tumanda kamida mingta ish o‘rni yaratadigan 2 tadan yangi sanoat zonasi tashkil etiladi. IT xizmatlari eksporti 5 milliard dollarga olib chiqiladi. 2030 yilga qadar jami eksport hajmi 2 barobar oshirilib, 45 milliard dollarga yetkaziladi.
Shuningdek, kredit foiz stavkasi 20 foizdan 10-12 foizga tushiriladi. Bank omonatlari hajmi 4 barobarga oshiriladi. Banklarni xususiylashtirish tezlashtiriladi, davlat ixtiyorida faqat 3 ta bank qoladi. Bank bozoriga 4 ta yirik nufuzli chet el banki kirib kelishi uchun imkoniyat yaratiladi. Qimmatli qog‘ozlar bozori hajmi 10 milliard dollarga yetkaziladi. Xususiy jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi tashkil etiladi.
Uchrashuv yakunida ishonchli vakil mana shunday ezgu g‘oyalari bilan xalqimiz farovonligi yo‘lida tinmay izlanayotgan, Yangi O‘zbekistonni barpo etishga o‘z hayotini bag‘ishlagan davlat arbobi Shavkat Mirziyoyev nomzodini bo‘lajak saylovda qo‘llab, ovoz berishga barchani chaqirdi.


