Koreya Jizzaxda chiqindilarni kompleks boshqarish bo‘yicha loyihani moliyalashtiradi
O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasida yuqori darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida strategik hamkorlikni chuqurlashtirish masalasi faol ishlab chiqilmoqda, deb xabar bermoqda «Dunyo».
Shu munosabat bilan joriy yilning 23-28 avgust kunlari Koreya atrof-muhit sanoati va texnologiyalari instituti (KEITI) prezidenti Choy Xyong Jin boshchiligidagi Koreya delegasiyasining O‘zbekistonga tashrifi bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zbekiston ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi axborot xizmatining xabar berishicha, delegasiya tashrifining birinchi kuni Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov va KEITI prezidenti Choy Xyong Jin o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda ikki tomonlama hamkorlikning erishilgan darajasi va qo‘shma grantlarni amalga oshirish masalalari, Jizzax viloyatidagi qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish, o‘zbekistonlik mutaxassislar salohiyatini mustahkamlash, qo‘shma ilmiy dastur va loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha investisiya loyihalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar Koreya hukumati Iqtisodiy rivojlanish hamkorlik jamg‘armasi (EDCF) tomonidan moliyalashtirilishi kutilayotgan «Jizzax viloyatida chiqindilarni kompleks boshqarish» investisiya loyihasining texnik-iqtisodiy asoslari loyihasini ko‘rib chiqdilar. Ekologiya vazirligi mutaxassislarining fikr va mulohazalari tinglanib, hujjat loyihasini birgalikda ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Koreya Respublikasi delegasiyasining tashrifi doirasida, shuningdek, Jizzax shahridagi Sharof Rashidov poligonini boshqarishni takomillashtirish bo‘yicha umumiy qiymati 6,6 million dollarga teng grant loyihasini amalga oshirish masalasini muhokama qilish, Janubiy Koreya ekologik texnologiyalari ko‘rgazmalarini o‘tkazish, Toshkent va Jizzax viloyatlaridagi chiqindixonalar, suv tozalash va kanalizasiya tozalash inshootlariga tashriflar, shuningdek, O‘zbekiston Bosh prokuraturasi, Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Jizzax viloyati hokimligida uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.